Jahon | 08:42 / 27.10.2025
5988
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasi Belgorod suv omboriga hujumni tasdiqladi

Ukraina Qurolli kuchlari Maxsus uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlari qo‘mondoni Robert «Madyar» Brovdi Belgorod suv ombori to‘g‘oniga ukrain harbiylari tomonidan zarba berilganini tasdiqladi. «Bu 1-alohida bo‘linma (sobiq 14-polk) “qushlari” tomonidan amalga oshirildi», - deb yozdi u yakshanba, 26 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda. Brovdi ma’lumotlariga ko‘ra, 26 oktyabr kuni Belgorod suv omborida yoriq paydo bo‘lgan, birinchi zarbadan beri suv sathi 100 santimetrga tushgan.

Foto: Videodan kadr

24 oktyabr kuni Ukrain armiyasi zarbasidan keyin Belgorod suv ombori to‘g‘oni suv o‘tkazayotgani haqida guvohlarga tayanib SOTAvision Telegram-kanali ham xabar qildi.

Ayrim rus Telegram-kanallarida suv omboriga hujumlar uchinchi kuni ham davom etgani aytilmoqda. Mash kanali yozishicha, 26 oktyabr kunduzdan keyin Severskiy Donets daryosining sathi keskin pasaygan, suv ustidan tutun ko‘ringan.

Shu orada «Shö ? Shebekino» Telegram-kanali bildirishicha, Severskiy Donetsning yirik yo‘nalishlaridan biri — Nejyegol daryosi toshishni boshlagan. Xabarlarga ko‘ra, 26 oktyabr kechqurunga borib suv shahar markazigacha yetgan.

«Belgorod №1» Telegram-kanali Belgorod suv ombori direktori v.b. Yuriy Paramonovning 26 oktyabr kuni aytgan so‘zlarini keltirdi: vaziyat nazorat ostida, «agar u yomonlashsa ham, yaqin qishloqlar aholisi uchun oqibatlar minimal bo‘ladi», chunki suv omboridan chiqarilayotgan suv, uning aytishicha, «Ukraina hududiga oqib ketyapti».

Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov 26 oktyabr kuni «faqat 10 tadan biroz ko‘proq xususiy tomorqani qisman suv bosgan, turar joylar suv ostida qolmagan», deb bildirdi. Bundan avval u to‘g‘onga Ukraina armiyasi tomonidan takroriy zarbani inkor etib bo‘lmasligini aytgan edi.

O‘z navbatida, Ukraina armiyasining 16-korpusi ma’lum qilishicha, to‘g‘onga zarbadan keyin Xarkiv viloyati Volchansk yaqinida Severskiy Donetsdan o‘tgan rus bo‘linmalari «asosiy kuchlardan amalda uzilib qolgan».

«Rossiya OAV xabariga ko‘ra, faqat bir kundayoq suv omboridagi sath bir metrga tushgan. Aniq aytganda — suv uyga emas, Severskiy Donetsga ketdi, ruslar blindajlarini suv bosgani haqida xabarlar bor. Eng muhimi — dushman logistikasi sezilarli qiyinlashdi. Shunday ekan, Severskiy Donetsdan o‘tib olgan bo‘linmalar amalda asosiy kuchlardan uzilgan», — deb yozilgan korpusning 26 oktyabr kuni tarqatgan ma’lumotida.

25 oktyabr kuni belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov Ukraina armiyasi zarbasi oqibatida Severskiy Donets daryosidagi Belgorod suv ombori to‘g‘oni shikastlanganini ma’lum qilgan. U suv bosishi xavfi tug‘ilgan aholi (va vaqtincha boshqa joyga ko‘cha olmaydiganlar) uchun Belgorod PVR (qabul-joylashtirish punktlari)ga evakuatsiya taklif etilayotganini aytgan.

Gap Bezlyudovka qishlog‘i, Novaya Tavoljanka qishlog‘i va Shebekinodagi Titovka mikrorayoni haqida ketgani ko‘rsatilgan.

Mash Telegram-kanali da’vo qilishicha, zarbalar HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va Ukrainada ishlab chiqilgan Dars kamikadze dronlari yordamida berilgan. Ilgari «MNS | Moskva • Novosti • Sobytiya» kanali ham manbalariga tayanib shunga o‘xshash ma’lumot tarqatgan. Belgorod suv omboriga zarba berishda HIMARS qo‘llangani haqida rasmiy tasdiq yo‘q.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid