Rossiya – imperialist davlat, shu bilan birga natsionalist ham. Lekin bu ikki tanlov aslida bir-biriga zid ekanini Putin Rossiyasi anglay olmayapti. Chunki imperiya bo‘lishni tanlagan davlatlar – masalan AQSh – o‘zini boshqa millatlar uchun jozibador qilib ko‘rsatishga intiladi. Rossiya esa aksincha, ham jamiyat darajasida, ham davlat darajasida ksenofobiya va migrantofobiya bilan to‘yinib bormoqda.
RF prezidenti Vladimir Putin migratsiya bo‘yicha yangi konsepsiyani tasdiqladi. Bu konsepsiya 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan. Uning asosiy maqsadlari bir nechta: noqonuniy migratsiya bilan kurashish, etnik anklavlar paydo bo‘lishini oldini olish, migrantlar oilalari va farzandlarining Rossiyada yashashini nazoratga olish, migrantlar ustidan raqamli va muttasil nazorat yaratish, rus tili va tarixini o‘rganish borasidagi talablarni yanada qattiqlashtirish va hokazo.
Nega biz Rossiyadagi jarayonlarni jiddiy kuzatishimiz, tahlil qilib borishimiz muhim? Rossiya – biz o‘zbekistonliklar, Markaziy Osiyo davlatlari uchun – abadiy omil: u bo‘lgan, bor va saqlanib qolaveradi. Rossiyaga bog‘liqlik bizning tanlovimiz yoki irodamiz bilan bo‘lmadi. Chor imperiyasi bizni o‘ziga kuch bilan ko‘shib olgandi. Haliga qadar jamuljam xorijiy davlatlarning mintaqamizga ta’sirini tarozida o‘lchasak, Rossiya bilan iqtisodiy munosabatlar, uning axborot ta’siri, transport-logistika bog‘liqliklari, migratsiya va emigratsiya, tarixiy-gumanitar aloqalar va hokazolar hisobiga Rossiyaning ta’siri mutlaq tosh bosadi.
Garchi keyingi yillarda mintaqa davlatlarining birinchi savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib Xitoy Xalq Respublikasi maydonga chiqqan va Rossiya ikkinchi o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa-da, qolgan parametrlarga ko‘ra Rossiya bilan aloqalar jamiyatlar, insonlar darajasida ham Rossiya hisobiga jiddiy tosh bosadi. Rossiyada kechayotgan siyosiy jarayonlar, qarashlar, kayfiyatlar mintaqamizga jiddiy ta’sir qiladi, odamlarning, elitalarning qarashlarida o‘z aksini topadi.
Rossiya – demografik jihatdan juda tez so‘nayotgan davlat. Keyingi yillardagi yillik aholi qisqarishi yarim milliondan oshadi. Rossiyaning mehnat muxojirlariga bo‘lgan ehtiyoji – juda katta. Rossiya Savdo-sanoat palatasi raisi Aleksandr Shoxinning so‘zlariga ko‘ra, hozirning o‘zida Rossiyaga 3 milliondan ortiq ishchilar yetishmaydi. Rossiyaning boshqa mutasaddilari esa, kamida 4 million ishchi yetishmasligi haqida aytishadi.
Rossiya Federatsiyasi – dunyo davlatlari ichida o‘zining iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun xorijdan katta miqdordagi mehnat muxojirlarini qabul qilib oladigan AQShdan keyingi ikkinchi yirik davlat. AQShning aholisi 340 millionni tashkil qiladi va shundan 48 millioni xorijda tug‘ilgan. Demak, Amerikaning taxminan 14 foiz aholisini migrantlar tashkil qiladi.







