2024 yil fevral oyida Avdiyivka qulaganidan so‘ng, Rossiya qo‘shinlari keng ko‘lamli hujum kuchlarini shimoli-g‘arbga – Pokrovsk tomon yo‘naltirgandi. Yarim yil ichida ular shahar chekkasigacha deyarli 40 km masofani bosib o‘tdi va 2024 yilning kuzida Pokrovsk-Mirnograd aglomeratsiyasi chekkalariga yaqinlashdi.

Ayrim harbiy tahlilchilar bu aholi punktlari bir-ikki oy ichida ishg‘ol qilinishini taxmin qilishmoqda. Biroq, Ukraina qurolli kuchlari 2025 yil boshida qo‘shimcha kuchlar olib kelib, dushmanni Pokrovsk atrofidan chekintirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Shu yilning yozida va kuz boshida Rossiya qo‘shinlari taktikani o‘zgartirdi va yirik mexanizatsiyalashgan kuchlar bilan shturm qilish o‘rniga kichik piyoda guruhlari Ukraina mudofaa tizimlarini yorib o‘tib, front ortida to‘plana boshladi. Ular bunday hududlarda ukrain harbiylariga hujum qilib, pozitsiyalarini tortib olishdi.

Ukraina qurolli kuchlaridagi piyodalarning keskin tanqisligi sharoitida bu taktika oxir-oqibat o‘z samarasini berdi. Oktyabr oyi oxiridagi holatga ko‘ra, rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining ushbu uchastkadagi logistikasini imkon qadar murakkablashtirishga va hatto Pokrovskning ayrim hududlarini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Shu bilan birga, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bombalar va dronlarning halokatli zarbalari natijasida deyarli vayron bo‘lgan shaharda hali ham 1,2 mingga yaqin tinch aholi vakillari qolmoqda.

Qurshov bormi yoki yo‘q?

«2- va 51-armiyalarning qo‘shilmalari va harbiy qismlari bir-biriga qarab harakatlanib, Krasnoarmeysk va Dimitrov (Rossiya hukumati Pokrovsk va Mirnogradni shunday ataydi) hududida dushmanni qurshab olishni yakunladi. Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhi bloklandi», – dedi 26 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga hisobot berish chog‘ida.

Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining 31 ta batalyoni qurshovda qolgan. Rossiya mudofaa vazirligi aniqlik kiritishicha, bu taxminan 5,5 ming harbiy xizmatchidir.

Pokrovsk «qurshovi» haqidagi so‘zlarni Putin 29 oktyabr kuni yana bir bor takrorlab, bir necha soatlik sukunat rejimini e’lon qilish va xorijiy jurnalistlar guruhlarini Pokrovskka yuborish g‘oyasini bildirdi – shunda ular vaziyatni o‘zlari baholashi mumkin bo‘ladi.