Jahon | 13:53 / 03.11.2025
1264
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada hukmron partiyalar suriyaliklarni chiqarib yuborish masalasida kelisha olmadi

Germaniya TIV rahbari Yoxann Vadeful (XDI) suriyaliklar yaqin vaqt ichida GFRdan vatanga qayta olmasligini aytdi. Bu fikrga Germaniya IIV va hukmron koalitsiyaga kiruvchi XSI partiyasi qo‘shilmadi.

Foto: IMAGO/AA

Germaniyada hokimiyatdagi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) vakillari GFRdan Suriyaga qochqinlarni qaytarish istiqbollarini turlicha baholadi. Bavariyadagi XSI yetakchilarining bayonotlarini 2 noyabr kuni Bild am Sonntag keltirdi.

30 oktyabr kuni Damashq yaqiniga tashrif paytida Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful “bunday vayronagarchilikni hech qachon ko‘rmaganini” aytdi. GFRdagi suriyalik qochqinlar haqida esa: “Yaqin vaqtda qayta olmaydi. Bu yerda haqiqatan munosib hayot kechirish deyarli imkonsiz”, — dedi.

Vadeful — XSI bilan yaqin partiya hisoblanadigan XDI vakili. Ularning konservativ bloki hozirgi hukmron koalitsiyaga boshchilik qiladi. Biroq XSI yetakchilari suriyaliklarni qaytarish masalasida partiyadosh-konservatoridan farqli fikr bildirdi.

XSI bosh kotibi Martin Xuber Bild am Sonntag'ga: “Suriyadagi fuqarolik urushi, nihoyat, yakunlandi — bu esa ishonch uyg‘otadi. Germaniya millionlab suriyaliklarni qabul qildi va himoya qildi. Fuqarolik urushi tugaganidan so‘ng boshpana uchun asosga ega bo‘lmaganlar vatanga qaytishi kerak”, — dedi.

U shunday qo‘shimcha qildi: “Suriyani, agar suriyaliklarning o‘zi bo‘lmasa, yana kim tiklaydi? Suriyaliklarni qaytarish strategiyasi zarur. Shuningdek, jinoyatchilar va mamlakatda qolishga ruxsati bo‘lmaganlar Suriyaga deportatsiya qilinishi kerakligi ham ayon. Biz buning ustida shoshilinch tarzda ishlayapmiz”. Xuber Turkiya hokimiyati mamlakatdagi vayronagarchiliklarga qaramasdan suriyaliklarni vatanga qaytarishni amalga oshirayotganini eslatib, shunga o‘xshash yo‘l tutishga chaqirdi.

Germaniya hukumatidagi XSI vakili — ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt migratsiya siyosatini kuchaytirish tarafdori. Vadefulning Damashqdagi so‘zlaridan keyin uning idorasi vakili GFRdan suriyaliklarni deportatsiya qilish rejalari kuchda qolishini ma’lum qildi.

“Federal hukumat koalitsiya kelishuvida Suriyaga deportatsiyalar amalga oshirilishini, bu avvalo jinoyatchilardan boshlanishini ma’qullagan, — dedi IIV vakili Redaktionsnetzwerk Deutschland'ga. — IIV hozirda Suriya bilan bunday kelishuv ustida ishlayapti”.

Bundestagda XSI fraksiyasi raisi Aleksander Hoffman Bild am Sonntag'ga: “IIV rahbari birinchi qadam sifatida jinoyatchilar va tahdid soluvchi shaxslarni kelib chiqish mamlakatlariga qaytarishga imkon beradigan Suriya bilan kelishuvlar ishlab chiqayotgani mutlaq zarur va to‘g‘ri. Bu maqsadni biz koalitsiya kelishuvida mustahkamlaganmiz — hukumat uni birgalikda amalga oshiradi, deb hisoblayman”, — dedi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid