Moliya | 17:52 / 03.11.2025
8364
3 daqiqa o‘qiladi

Shaxs nomiga firibgarlik bilan olingan mikroqarz undan undirilmasligi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish taklif qilindi.

Taqdimotda aytilishicha, so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 barobar ko‘paygan. Joriy yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan.

Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va elektron imzolari bo‘yicha amalga oshirilayotgan firibgarliklar soni keskin ortib bormoqda. Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng ko‘p tarqalgan usullardan biri – bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.

Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha aniq mexanizm mavjud emas, ayrim tadbirkorlik sub’yektlari mijozlarning ma’lumotlarini ochiq bazalarda saqlamoqda. Davlat xizmatlari sohasida ham biometrik identifikatsiya va elektron raqamli imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik bo‘yicha yetarli kafolatlar ta’minlanmagan.

Shuningdek, bank tizimida kiberhujumlarning oldini olish, shubhali pul operatsiyalarini aniqlash va tezkor chora ko‘rish mexanizmlari yetarli darajada samarali ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, taqdimotda sohaning huquqiy, texnologik va ilmiy-uslubiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan yechimlarni bayon qildi.

Shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talabini, bunday ma’lumotlarni shifrlab saqlash tartibini joriy etish, ma’lumotga ishlov beruvchi shaxslarning reyestrini yuritish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik oqibatida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tun-u kun rejimda yo‘lga qo‘yishning mexanizmlari taklif qilindi.

Kiberjinoyatchilikning yangi turlari – smart qurilmalarga hujumlar, kriptoaktivlarni noqonuniy egallash kabi tahdidlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Mavzuga oid