Taqdimotda qayd qilinishicha, tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 5 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, 172 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi hamda 286 million dollar investitsiya, shundan 257 million dollar xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirildi. Sifat va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida dori vositalarini ishlab chiqaruvchi 61 ta korxonada GMP, 486 ta distribyutorlar omborida GDP hamda 9450 ta dorixonada GPP standarti joriy qilindi.
Taqdimot davomida import qilinayotgan dorilarning referent narxlarini shakllantirishda turli manipulyatsiyalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va takliflar bo‘yicha axborot berildi. Hozir 7,6 mingta import dori vositasidan 4,9 mingtasi referent mamlakatlarning narx reyestrida mavjud emas.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi o‘rtacha 40-50 foizga tushishi kutilmoqda.
Taqdimot davomida farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqida ham axborot berildi.
Shifoxonalarda sifatsiz mahsulotlar xaridi va korrupsion omillarni bartaraf qilish maqsadida endi barcha davlat xaridlari “farma.xarid.uz” maxsus elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Mazkur elektron tizim ishga tushirilganidan so‘ng davlat xaridlarida faqat ishlab chiqarish, yetkazib berish va mahsulot xavfsizligi bo‘yicha barcha zarur sertifikatlarga ega ishtirokchilar qatnasha oladi.
Davlat xaridlari hajmlari hamda tegishli sertifikatlarga ega ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar reyestrlari jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi.
Davlat xaridlari jarayonida mahsulotlarning narxi belgilangan referent narxlaridan yuqori bo‘lmasligini ushbu tizimda avtomatik tarzda tekshiriladi.
Davlat rahbari 2026 yil 1 yanvarga qadar ushbu tizim doirasida davlat tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlar ehtiyojlarini shakllantirish hamda qoldiqlarni samarali boshqarish bo‘yicha maxsus platformani ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentga, shuningdek, aholini sifatli, xavfsiz va samarador dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartibi taqdimot qilindi.
















