Jahon | 10:21 / 06.11.2025
10204
4 daqiqa o‘qiladi

Aktrisa Anjyelina Joli Xersonga tashrif buyurdi

Ukraina nashrlari Anjyelina Jolining Xersonga qilgan tashrifi haqida yozmoqda: u, jumladan, bolalar bilan suhbatlashgani aytiladi. Shuningdek, aktrisa unga hamroh bo‘lgan shaxsni safarbarlikka jalb etish rejasi tufayli TsKga (Hududiy komplektlash markazi) borgani haqida ham xabar berilmoqda.

Foto: Telegram / kherson_non_fake

Amerikalik aktrisa Anjyelina Joli 5 noyabr kuni Xersonga keldi. Bu haqda Ukraina Telegram-kanallari, shuningdek davlat telekanali “Suspilne” mahalliy hokimiyat vakillariga tayangan holda xabar qildi.

Jolining tashrif maqsadi hozircha aniq emas. Biroq telekanalning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, u tibbiy muassasalarga borgan, jamoat tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashgan. Bundan tashqari, ayrim Telegram-kanallarida aktrisaning, ehtimol, panohgohda olingan surati ham e’lon qilindi: unda Jolining yerto‘lada o‘yin xonasiga aylantirilgan xonada bolalar bilan muloqot qilayotgani ko‘rinadi.

Yana bir videoda Xerson harbiy ma’muriyati rahbari Yaroslav Shanko Anjyelina Joliga shaharga bag‘ishlangan esdalik medalini topshirgani tasvirlangan.

Xersonga yo‘lda aktrisa Mikolayiv shahridagi TsKga ham kirib o‘tgan, chunki uning qo‘riqchisini safarbarlikka chaqirishni rejalashtirishgan, deb yozadi “Politika Strany” nashri Odessa shahar Telegram-kanallariga tayanib. Ularning biri Jolining TsK yo‘lagida turgani ko‘rsatilgan video ham e’lon qilgan. Jolining qo‘riqchisini safarbarlikka chaqirish rejasi haqidagi ma’lumotni Oliy rada deputati Aleksey Goncharenko ham tasdiqlagan.

OAV manbalariga ko‘ra, gap Joliga hamrohlik qilgan 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi haqida ketmoqda. U 4 noyabr kuni Ukraina janubiy shahri yaqinidagi blokpostda shaxsi aniqlangach, TsKga olib borilgan. Shu paytda unda harbiy hujjatlari yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. TsKda uning zaxira ofitseri ekani, 2025 yil iyun oyida orqa qism bo‘linmalarida xizmatga yaroqli deb topilgani va safarbarlikdan ozod etilishining tasdiqlangan asoslari yo‘qligi aniqlangani aytilmoqda. Hozir esa u go‘yoki “safarbarlikka tayyorlanayotgani” ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, TSN telekanali UQK (VSU)da yuqori lavozimli manbaga tayanib, Jolining qo‘riqchisi “majburlab” ushlab turilmaganini bildirdi. “Shaxsi aniqlandi, shundan keyin u tinchlik bilan o‘z ishlari bo‘yicha ketdi. Muammoli masalalar kelib chiqmadi. Hammasi qonun doirasida”, — degan manba. TSNning yana ikki manbasi esa mazkur shaxsning safarbar qilinishi haqidagi ma’lumotni na tasdiqladi, na rad etdi. Jolining TsKga kirib borishini ular aktrisaning “hojatxona qidirgani” bilan izohladi.

Joli Rossiya boshlagan keng ko‘lamli urushdan keyin Ukrainaga oldin ham kelgan: 2022 yil aprel oyi oxirida u Lvivga tashrif buyurgan. Xususan, u mahalliy vokzaldagi qochqinlarni qabul qilish markazida va internatda bo‘lgan, harbiy harakatlardan jabrlangan bolalar bilan uchrashgan. Mahalliy aholi esa aktrisa kafega kirgan paytida video olishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Aktrisa 2001 yildan buyon BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining yaxshilik elchisi bo‘lsa-da, uning Ukrainaga o‘sha safari shaxsiy tashrif deb xabar qilingan edi.

Mavzuga oid