Eron va AQSh o‘rtasidagi yadro muzokaralari yana boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ko‘rinadi. Tehron o‘z dasturini milliy suverenitet va xavfsizlik masalasi deb bilsa, G‘arb uni global tahdid sifatida ko‘radi. Isroil omili esa muzokaralar markazida bo‘lishi tabiiy. Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyat Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida muhokama qilindi.

Aziz Fayzullayev: Ayni sharoitda muzokaralar olib borish deyarli imkonsiz. Shu sababli hozircha bu yo‘lda biror ijobiy siljish ko‘rinmayapti. G‘arbning Eron yadro dasturi bo‘yicha ilgari surayotgan talablari esa, Eron hukumati ta’biri bilan aytganda, bajarilishi mumkin bo‘lmagan darajada og‘ir. 4 noyabr kuni Eronda AQSh elchixonasining 1979 yilda bosib olinishi hodisasi esga olindi, bu yil uning 46 yilligi nishonlandi. Tadbirda Eron oliy rahnamosi AQShning “takabburona siyosati”ni tanqid qilib, bu yo‘nalishda kelishuv imkonsizligini bildirgan edi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bayonotlariga ko‘ra, AQSh hozir Eron yadro dasturini to‘liq “muzlatish”ni talab qilmoqda. Eron hukumati esa bu talabni mamlakat manfaatlariga zid, bajarib bo‘lmas shart sifatida baholamoqda. Yadro dasturi Eron uchun ma’lum ma’noda hayot-mamot masalasiga aylangan. 2003 yilda Iroqda hokimiyat o‘zgargach, AQSh qo‘shinlarining mintaqaga kirishi fonida Eron yadro salohiyati Isroilga nisbatan yagona muvozanat unsuri bo‘lib qoldi. Shu sababli Tehron o‘z dasturidan voz kechmoqchi emas. G‘arb esa keskin yon berishni talab qilmoqda, bu esa muzokaralar yo‘lini yanada toraytirmoqda. 8 noyabr kuni “The New York Times” gazetasida e’lon qilingan maqolada Eron yadro imkoniyatlari haqida so‘nggi tahlillar berildi. Unga ko‘ra, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) hozir Eron obektlarida deyarli nazorat olib borolmayapti. Shu bois Eronning hozirgi boyitish salohiyatini aniq baholash qiyin. Maqolada ta’kidlanishicha, garchi yadro dasturiga talafot bo‘lsa-da, Eron yadro dasturi bor-yo‘g‘i bir yoki ikki yilga orqaga surilgan xolos. 2015 yilda Eron va AQSh o‘rtasida hech qanday harbiy to‘qnashuvsiz, faqat diplomatik yo‘l bilan erishilgan yadro kelishuvi natijalari bilan solishtirganda Vashington uchun jiddiy yo‘qotish. Shuningdek, G‘arb, AQSh va Isroilning 2025 yil iyun oyidagi Eron obektlariga qaratilgan hujumlari Tehronni yangi kelishuvlarni imzolamaslikka undadi. Hozir G‘arb ekspertlari va tahliliy markazlariga ko‘ra, agar Eron xohlasa, u 20 kun ichida bitta, 6 oy ichida esa 10–11 ta yadro qurolini yaratish imkoniga ega. Ularning hisobicha, Eronning hozirgi uran zaxirasi 400–450 kilogrammdan ortiq.