Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AI inqilobi: IBM bek-ofisida 8 ming ish o‘rni xavf ostida
IBM yillar davomida hisoblash texnikasi sohasida yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib kelgan va sun’iy intellekt davrida ham bu mavqeni saqlab qolish niyatida. CoreWeave bilan hamkorlikda kompaniya sun’iy intellekt uchun superkompyuter yaratish ustida ishlamoqda. Biroq sun’iy intellektga qaratilgan kelajakning asosiy “to‘lovi” - odamlar ish o‘rinlari.
Foto: Depositphotos
IBM rahbari Arvind Krishna The Wall Street Journal’ga bergan intervyusida kompaniya kadrlar bo‘limidagi bir necha yuzlab xodimlarni AI (sun’iy intellekt) agentlari bilan almashtirishini aytdi. Bu qaror texnologik tarmoqdagi kengroq tendensiyani aks ettiradi: muhandislikka oid bo‘lmagan vazifalarni ham tobora ko‘proq sun’iy intellektga topshirishmoqda.
IBM'da kadrlar bo‘limi mutaxassislari sun’iy intellekt vositalari tufayli ishlarini yo‘qotmoqda, biroq ular o‘rniga kompaniya boshqa bo‘limlarga ko‘plab odamlarni ishga olmoqda. Krishnaning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya sun’iy intellektni joriy etish va ayrim ish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirgan. Shu bilan birga, uning aytishicha, boshqa yo‘nalishlarga kiritilgan investitsiyalar hisobiga kompaniyada bandlik aslida o‘sgan.
Krishnaning Bloomberg’ga ma’lum qilishicha, bek-ofisdagi 26 ming xodimning taxminan 30 foizini sun’iy intellekt bilan almashtirish mumkin. Nashr baholashicha, bu taxminan sakkiz ming ish o‘rniga ta’sir qiladi, chunki IBM bunday lavozimlarga qabulni to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Kompaniya AI vositalar yordamida ishga qabul haqidagi ma’lumotnomalarni tekshirish yoki xodimlarning bo‘limlar o‘rtasida ko‘chirish kabi vazifalarni avtomatlashtirmoqchi. Shu bilan birga, IBM birinchi chorakda asosan texnik lavozimlarga taxminan yetti ming yangi xodimni ishga oldi.
Shu kabi tendensiya faqat IBM'da emas. Oktyabr oyida Amazon deyarli yarim million xodimni neyrotarmoqlar bilan almashtirish niyati borligini ma’lum qildi. Ko‘plab kompaniyalar ham AI ajiotaj ta’sirida xodimlardan voz kechmoqda, biroq bu har doim ham muvaffaqiyatga olib kelmaydi. Harness hisobotiga ko‘ra, sun’iy intellektni joriy etishning 45 foizi kodda xatolarga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, tashkilotlarning 72 foizi neyrotarmoqlar ishlab chiqqan kod tufayli kamida bir marta kutilmagan hodisaga duch kelgan. MIT hisoboti shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellektni joriy etgan kompaniyalarning ko‘pchiligi shundan so‘ng sezilarli natijalarga erisha olmagan — faqat 5 foizidagina neyrotarmoqlarga o‘tish daromadlar o‘sishiga olib kelgan.
Mavzuga oid
07:28 / 04.12.2025
Mask: sun’iy intellekt odamlarni iqtisodiy mehnat zaruratidan ozod qiladi
15:49 / 03.12.2025
O‘zbekistonda sun’iy intellekt uchun etik me’yor va qoidalar joriy etiladi
21:13 / 01.12.2025
“Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlar bilan havo sifatini birlamchi baholash mumkin bo‘ladi
10:41 / 01.12.2025