Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
London Bolgariyadagi «Lukoyl» shu’ba korxonalariga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi
AQSh va Buyuk Britaniyaning «Lukoyl»ga nisbatan joriy etgan sanksiyalari neft bozorida Rossiya kompaniyasi NQZsiga bog‘liq bo‘lgan Bolgariyada yonilg‘i bo‘yicha tang holatga olib keldi. Endi London Sofiyaga uch oylik yengillik berdi.
Buyuk Britaniya Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha boshqarmasi 2026 yil 14 fevralgacha «Lukoyl» Rossiya neft kompaniyasining Bolgariyadagi bo‘linmalari — Lukoil Bulgaria EOOD va Lukoil Neftochim Burgas AD bilan, sanksiyalarga qaramasdan, operatsiyalar o‘tkazish imkonini beradigan litsenziya muddatini uzaytirdi. Bu haqda 14 noyabr kuni idora saytida xabar qilindi.
Buyuk Britaniya 15 oktyabr kuni Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatishdan bosh tortgani uchun «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan sanksiyalar joriy etgan, bir hafta o‘tib, bunday chorani AQSh ham qo‘llagan edi. Cheklovlar 21 noyabrdan boshlab neft kompaniyasi bilan har qanday operatsiyalarni taqiqlashni nazarda tutardi. Sanksiyalar Bolgariya uchun ayniqsa keskin bo‘ldi, chunki rus kompaniyasiga tegishli Burgasdagi «Neftoxim» NQZ mamlakat yonilg‘i bozorining taxminan 80 foizini ta’minlaydi.
Cheklovlar fonida Bolgariya hokimiyati benzin tanqisligi kutilayotganini, mavjud yonilg‘i zaxirasi esa faqat bir oyga yetishi mumkinligini ma’lum qildi. Noyabr boshida mamlakat parlamenti Burgasdagi NQZni sotib olish va uni yangi egasiga sotish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi, shuningdek zavodni davlat tomonidan boshqarish vakolatlarini kengaytirdi.
14 noyabr kuni Bolgariya hukumati, Bloomberg agentligi xabar berishicha, Burgasdagi «Neftoxim» NQZ va mamlakatda 220 ta yonilg‘i quyish shoxobchasini boshqaruvchi «Lukoyl Bolgariya» ustidan nazoratni amalga oshirish uchun yangi mas’ul shaxsni tayinladi. Bu lavozimga mamlakat soliq xizmati rahbari Rumen Spetsov tayinlandi. Tayinlov dushanbaga qadar kuchga kiradi.
Bolgariyaning sobiq bosh vaziri Boyko Borisov Sofiya AQSh Moliya vazirligidan «Lukoyl»ga nisbatan sanksiyalarni joriy etish muddatini Britaniyadagi kabi olti oyga surishni kutmoqda, bu esa mamlakatga «osoyishta tarzda zarur choralarni ko‘rish» uchun yetarli vaqt beradi, deyiladi bayonotda.
AQSh sanksiyalarni joriy etgach, «Lukoyl» o‘zining xorijdagi aktivlarini sotishga qaror qildi. Ularni sotib olishga birinchi da’vogar sifatida Shveytsariyaning Gunvor kompaniyasi chiqqan — uning asoschilaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin shaxs Gennadiy Timchenko hisoblanadi.
AQSh bu bitimni to‘sib qo‘ydi va Ukrainadagi urush to‘xtamaguncha kompaniyaga biznes yuritish uchun litsenziya berishdan bosh tortdi, bunga Gunvor’ning Rossiya bilan bog‘liqligi sabab sifatida ko‘rsatildi. Shundan so‘ng «Lukoyl» aktivlarni sotish uchun ko‘proq vaqt so‘rab Vashingtonga murojaat qilgani haqida Reuters yozgan edi.
Ehtimoliy xaridorlardan biri sifatida agentlik Carlyle Amerika investitsiya kompaniyasini tilga oldi, u hozirgi paytda bunday bitimni o‘rganishning «ilk bosqichi»da ekani qayd etildi.
Mavzuga oid
17:26
Britaniyada o‘n yil ichida yettinchi bosh vazir almashmoqda. Qirollikni kimdir o‘nglay oladimi?
16:29
Sverdlovsk oblastida quyun hodisasi kuzatildi – fotolar
10:30
Jurnalistlar: Ukraina urushida kamida 227 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan
09:45