Iqtisodiyot | 12:03 / 18.11.2025
2263
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya nefti narxi so‘nggi 2,5 yildagi eng past darajaga tushdi

AQShning "Rosneft" va "Lukoyl"ga qarshi sanksiyalari kuchga kirishi arafasida tobora ko‘proq chet el neftni qayta ishlash zavodlari ular bilan savdo qilishdan bosh tortmoqda. Natijada Rossiya nefti narxi keskin pasaydi.

Foto: Yegor Aleyev / TASS

AQSh Rossiyaning "Rosneft" va "Lukoyl" neft kompaniyalariga sanksiyalar joriy etgandan so‘ng, Rossiya neftiga bo‘lgan talab va narxlar sezilarli darajada pasayishga yuz tuta boshladi, deb yozadi Bloomberg agentligi 17 noyabr kuni. Jumladan, o‘tgan hafta, 13 noyabrda, Novorossiyskda Urals markali neft narxi barrel uchun 36,61 dollarga tushib, 2023 yil martidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Mustaqil baholash agentligi Argus Media ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu tendensiya Boltiq dengizi portlarida ham kuzatilgan, deya qo‘shimcha qiladi Bloomberg. Keyinchalik narxlar pasayishning bir qismini qisman qopladi.

Amerika sanksiyalari kuchga kirishiga (21 noyabr) bir necha kun qoldi, shu sana arafasida Xitoy, Hindiston va Turkiyadagi ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlari xaridlarni to‘xtatib, muqobil manbalarni izlamoqda. Bu esa Urals nefti sezilarli chegirmalar bilan sotilishiga olib keldi.

Argus Media ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta oxirida Qora dengiz va Boltiq dengizi orqali amalga oshiriladigan Rossiya yetkazib berishlari bo‘yicha Urals narxining Brent neftiga nisbatan chegirmasi bir barrel uchun 23,52 dollargacha kengaydi, bu 2023 yil iyunidan beri eng yuqori daraja hisoblanadi.

Bu holat xaridorlarning ikkinchi darajali sanksiyalar qo‘llanishidan qo‘rqib, xatarga borishni istamasligidan dalolat beradi, deb yozadi Bloomberg.

Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya oktyabr oyida Rossiyaning "Lukoyl" va "Rosneft" neft qazib oluvchi kompaniyalari, shuningdek, ularning 34 ta shu’ba tuzilmasiga nisbatan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida sanksiyalar joriy etishini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid