Uzbekistan Airways va CALC (China Aircraft Leasing Group Holdings Limited) lizing kompaniyasi ikki klass (ikki xizmat ko‘rsatish sinfi)li salon konfiguratsiyasiga ega to‘rtta yangi Airbus A321neo samolyotini lizing asosida yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvni (letter of intent, LOI) imzoladi. Havo kemalarini yetkazib berish 2027–2028 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yangi samolyotlar Airbus kompaniyasining zamonaviy Airspace Premium salonlari, bortda zamonaviy ko‘ngilochar tizim va simsiz yuqori tezlikdagi internet bilan jihozlanadi. Bu yechimlar yo‘lovchilarga parvoz vaqtida raqamli xizmatlardan foydalanish imkonini beradi hamda bortidagi qulaylik darajasini yanada oshiradi.

Imzolangan kelishuvlar Uzbekistan Airways va CALC o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, aviakompaniya hamda dunyodagi yetakchi lizing beruvchilardan biri o‘rtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

2026–2028 yillarga mo‘ljallangan aviaparkni yangilash va kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli dasturga muvofiq, Uzbekistan Airways 2028 yil oxiriga qadar CALC kompaniyasidan jami oltita Airbus A321neo samolyotini qabul qilib olishni rejalashtirgan. Bu esa aviakompaniyaga A321neo laynerlari sonini 15 taga yetkazish va Markaziy Osiyoning yetakchi aviatashuvchisi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov ta’kidlaganidek, CALC bilan hamkorlik aviakompaniyani modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim bosqich hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, flotni tizimli ravishda yangilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yo‘lovchilar qulayligini oshirish aviakompaniyaning barqaror rivojlanish va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni kuchaytirish strategiyasiga to‘liq mos keladi.

CALC prezidenti va tijorat direktori Vinni Lyu esa to‘rtta A321neo samolyotini yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuv orqali Uzbekistan Airways bilan hamkorlik yanada mustahkamlanayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, ushbu so‘nggi avlod samolyotlari CALC’ning aviakompaniyalarni flotni yangilash uchun barqaror va moslashuvchan yechimlar bilan qo‘llab-quvvatlashga intilishini aks ettiradi, bu esa ekspluatatsiya samaradorligi va yo‘lovchilar qulayligini oshiradi.

Yangi Airbus A321neo samolyotlarining keltirilishi Uzbekistan Airways’ning transport samaradorligini oshirish, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va uglerod izini qisqartirishga qaratilgan flotni modernizatsiya qilish hamda xizmat ko‘rsatishni raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturining bir qismi hisoblanadi.