21 noyabr kuni respublika bo‘ylab 12 ta YTH sodir bo‘lgan. Ularda jami 10 kishi vafot etgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Kun.uz tanishgan tezkor ma’lumotda keltirilishicha, YTHlardan Jizzaxda 6 ta, Samarqandda 1 ta, Namanganda 2 ta, Qashqadaryoda 1 ta o‘lim holati kuzatilgan.
Noyabr oyining o‘tgan 21 kunida respublika bo‘ylab 786 ta YTHda jami 158 kishi halok bo‘lgan, 628 kishi tan jarohati olgan. O‘lim holati eng ko‘p kuzatilgan hududlar – Toshkent viloyati (23 kishi), Samarqand (16 kishi), Farg‘ona (15 kishi), Jizzax (14 kishi) va Qashqadaryo (13 kishi) viloyatlari.
2025 yilning 1 yanvaridan 21 noyabr kuniga qadar esa respublikada jami 7 631 ta YTH sodir qilingan. Oqibatda 1 701 kishi yo‘llarda halok bo‘lgan, 5 930 kishi esa turli darajada jarohatlangan.
Avvalroq 21 noyabr kuni Jizzaxda sodir bo‘lgan dahshatli YTHda 5 kishi vafot etgani, Namanganda esa YPX xodimi uning to‘xtash ishorasiga bo‘ysinmagan haydovchi urib ketishi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi.







