O‘zbekiston | 18:29 / 24.11.2025
2044
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ASEAN Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasiga qo‘shiladi

Qariyb bir yillik tayyorgarlik jarayonlari va muzokaralardan so‘ng, ASEAN Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida O‘zbekistonning ushbu shartnomaga qo‘shilish bo‘yicha arizasini ma’qullandi.

Foto: RIA Novosti

Malayziyada o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) Janubi–Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasiga qo‘shilish bo‘yicha arizasi ma’qullandi, deb xabar berdi «Dunyo».

Qariyb bir yillik tayyorgarlik jarayonlari va muzokaralardan so‘ng, Kuala Lumpur shahrida Malayziya raisligida bo‘lib o‘tgan ASEAN Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida tashkilotga a’zo barcha davlatlar O‘zbekistonning ushbu shartnomaga qo‘shilish bo‘yicha arizasini ma’qulladi.

Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasi 1976 yil 24 fevralida Indoneziyaning Bali shahrida imzolangan bo‘lib, ASEAN mintaqasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi muhim hujjat, deb tan olinadi.

O‘z navbatida, ASEAN mintaqasi Janubi-Sharqiy Osiyoning 11 davlatini o‘z ichiga olgan va 700 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan yirik bozor hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mazkur shartnomaga qo‘shilishi mamlakat uchun ushbu mintaqada yangi imkoniyatlarni ochadi. Bunda, nafaqat davlat va davlat o‘rtasidagi G2G hamkorlik, balki savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning yanada faollashishiga, yirik xorijiy korxonalarning ishonchi ortishiga xizmat qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid