Toshkentda faoliyat yuritayotgan Al-Jabr xususiy maktabi yangi o‘quv yilining ikkinchi choragini muhim voqealar bilan boshladi. Chilonzor tumanida uchinchi filial ishga tushirildi, shuningdek, maktab o‘quvchilari qisqa muddat ichida xalqaro ACCA sertifikatlarini qo‘lga kiritib, yirik yutuqlarga erishdi.

Ko‘plab o‘zbekistonlik ota-onalar uchun sifatli ta’lim, zamonaviy o‘quv jarayoni va o‘quvchilarining natijalari bilan tanilgan Al-Jabr xususiy maktabi Chilonzor tumanida o‘zining uchinchi filialini ochdi. Bungacha maktab Yunusobod va Sebzor filiallari orqali faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Yangi filial 400 nafarga yaqin o‘quvchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, farzandlari uchun sifatli ta’lim izlayotgan ota-onalar uchun yana bir muhim tanlovni taqdim etadi. Bir xil forma ostida birlashgan o‘quvchilar turli hududlardan bo‘lishiga qaramay, endilikda ularni umumiy maqsad — “Al-Jabr o‘quvchisi” degan sharafli nom birlashtiradi.

O‘quv yili boshlangan ikkinchi chorak bo‘lishiga qaramay, 100 nafarga yaqin ota-ona farzandini aynan Al-Jabrga o‘tkazdi. Bu maktabga bo‘lgan ishonchning navbatdagi tasdig‘i sifatida qayd etildi.

Qisqa muddatda yuksak natijalar 

Ikki oy ichida 18 nafar Al-Jabr o‘quvchisi ACCAning xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuqni taqdirlash maqsadida mintaqaviy ACCA delegatsiyasi maktabga tashrif buyurib, Al-Jabrni O‘rta Osiyoda ushbu yo‘nalishda integratsiyalangan dastur bo‘yicha bunday natijalarga erishayotgan yagona maktab sifatida e’tirof etdi.

Maktab rahbari Matluba Karaxodjayeva bu borada shunday dedi:

“Yangi filialning ishga tushirilishi bilan birga ikki oy ichida 18 nafar o‘quvchimiz xalqaro ACC sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Delegatsiya Al-Jabrni O‘rta Osiyoda bunday natija ko‘rsatgan yagona maktab sifatida tan oldi. Bugungi kunda Al-Jabr uchta filialda — Yunusobod, Sebzor va Chilonzorda faoliyat yuritmoqda. Yangi filialdan ham yuqori natijalar kutyapmiz”.