Moskvada Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga o‘zgartishlar kiritish uchun loyiha sifatida Yevropa yetakchilari tomonidan taqdim etilgan rejani «konstruktiv emas va unga mos kelmaydigan» deb hisoblashmoqda, deb bayonot berdi Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov dushanba kuni, 24 noyabrda. Shu bilan birga, u Jyenevadagi uchrashuv arafasida AQSh va Ukraina delegatsiyalari muhokama qilgan «tinchlik rejasi» varianti nazarda tutilyaptimi-yo‘qmi, aniqlashtirmadi. Hozircha ushbu rejaning biror bir varianti rasman e’lon qilingani yo‘q, turli variantlar faqat ayrim axborot agentliklari va OAV tomonidan nashr etilgan.

«Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi atrofida juda ko‘p mish-mishlar yuribdi, Rossiya Federatsiyasi faqat AQShdan to‘g‘ridan to‘g‘ri olingan ma’lumotga ishonadi», — deya Putin yordamchisining so‘zlarini keltirdi Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi. Shu bilan birga, Ushakov Moskva «AQShning tinchlik rejasi variantlaridan biri bilan tanish, ammo u bo‘yicha aniq muzokaralar o‘tkazilmaganini», shuningdek «Alyaskada muhokama qilingan AQSh tinchlik rejasining ko‘plab bandlari Rossiya uchun maqbul ekanini» aytdi. Ushakovning fikricha, Vashington yaqin vaqt ichida «tinchlik rejasi» detallarini ochiq muhokama qilish uchun Moskva bilan aloqaga chiqadi, biroq «hozircha aniq kelishuvlar yo‘q». U Ukrainani va Yevropani ehtimoliy muzokarachilar sifatida tilga olmadi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, yangilangan reja yana bir bor Rossiya tomoniga taqdim etilishi kerak bo‘ladi. U, shuningdek, AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiylar uchrashuvi joriy haftada rejalashtirilmaganini ta’kidladi. Avvalroq Amerika prezidenti tinchlik kelishuvini imzolash uchun muddat sifatida 27 noyabrni tilga olgan edi.

Ukraina va AQSh rasmiy shaxslari 24 noyabrga o‘tar kechasi ma’lum qilishicha, Jyenevada ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokidagi «samarali muzokaralar» natijasida Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha yangilangan «hadli hujjat» tayyorlangan. Qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha, tomonlar maslahatlashuvlarni samarali, deb topgan.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp ma’muriyatining qayta ishlangan tinchlik rejasi katta amalga oshish salohiyatiga ega, deya ishonch bildirgan edi. U Jyenevada Ukraina delegatsiyasi va uning Yevropa ittifoqchilari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng jurnalistlarga muzokaralar endilikda keyingi ish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan «asosiy (bazaviy) hujjat» yaratilishiga olib kelganini aytdi.

Tramp 24 noyabr kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi «tinchlik muzokaralarida ehtimoliy siljish» haqida yozdi. «Rostdan ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida katta taraqqiyotga erishish mumkinmi??? Ko‘rmaguncha ishonmang, lekin nimadir yaxshi narsa sodir bo‘lishi mumkin», — deb yozdi AQSh prezidenti, biroq u aniq nimani nazarda tutganini ochiqlamadi.