Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasidagi nutqida davlat rahbari Urgutda barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, kelasi yil kambag‘allik va ishsizlikni 2 foizdan tushirish kerakligini ta’kidladi.
Urgutda 1,5 mingta sanoat korxonasi bo‘lsada, ayrimlari faoliyat ko‘rsatmayapti, ishlayotganlari ham mavjud quvvatidan to‘liq foydalanmayapti. Mutasaddilarga “Urgut” iqtisodiy zonasiga kiruvchi 14 ta tuman hokimi bilan ishni to‘g‘ri tashkil qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini 20-30 foizga qisqartirish topshirildi. Masalan, yangi temir yo‘l liniyasi hisobiga Urgut va Toyloqdagi 1 ming 200 ta sanoat korxonasining tashish xarajatlari arzonlashib, tannarx 6-8 foizga qisqaradi.
Agar temir yo‘l bo‘ylab 3 ta zamonaviy logistika markazi qurilsa, Urgut, Toyloq, Jomboy, Bulung‘ur va Samarqand tumanidagi 2 mingga yaqin sanoat korxonalarining tashish xarajatlari yana 10-15 foizga arzonlashishi ko‘rsatib o‘tildi.
“Urgut” sanoat zonasiga kooperatsiya olib kirib, mahsulotlarni “ehtiyot qismlar – tayyor mahsulot” zanjiri asosida ishlab chiqarish orqali tannarxni 5 foizdan 15 foizgacha kamaytirish mumkin.
Raqamlashtirish hamda sun’iy intellektni joriy qilish orqali ham ishlab chiqarish samaradorligi 20 foizga oshadi, operatsion xarajatlar 20-25 foizga kamayadi. Mutasaddilarga tuman sanoatining 70 foizini beradigan 43 ta korxonaga shu ishlarni qanday tashkil qilishni o‘rgatish topshirildi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 287 gektari adirda joylashgani uchun infratuzilma olib borish 2-3 karra qimmatlashmoqda. Agar bu yerlar qulay hududlarga almashtirib berilsa, investorlar 560 million dollarlik 80 ta loyihani amalga oshirishga tayyor. Mas’ullarga yil yakunigacha sanoat zonalaridagi bo‘sh yerlarni tahlil qilib, samarasiz hududlarni boshqasiga almashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Urgut tumani yiliga 40 million dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilmoqda. Tumanda yiliga 350 million dollarlik sanoat mahsuloti chiqishi hisobga olinsa, bu juda kam ekani qayd etildi.
Suriya, Iroq va Afg‘onistonning o‘zida 30 milliard dollarlik elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, avtomobil, farmatsevtika va qurilish materiallariga ehtiyoj bor. Lekin, bu bozorlarga jadal kirib borish bo‘yicha na tarmoq rahbarlari, na hokimlar haligacha tayinli natija ko‘rsatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, yil yakunigacha Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi va kamida 100 turdagi mahalliy mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.















