Jahon | 12:15 / 25.11.2025
2214
4 daqiqa o‘qiladi

Rostov viloyatiga tungi hujum: uch kishi halok bo‘ldi, kamida o‘n kishi yaralandi

Rostov yaqinida Ukraina Qurolli kuchlari hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana kamida 10 kishi yaralandi, deb xabar qilmoqda mahalliy hokimiyat. OSINT-tahlilchilar raketa tashuvchi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatiladigan angarga zarba berilgani, u yerda Tu-95MS bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.

Foto: TASS

Taganrog, Bessergenevka va Rostov viloyatining Neklinov tumanida havo hujumi paytida uch kishi halok bo‘lgan va kamida o‘n kishi yaralangani haqida Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar dushanbaga o‘tar kechasi, 25 noyabrda xabar berdi. U hujum qaysi turdagi qurol bilan amalga oshirilganini aniqlashtirmadi.

O‘z navbatida, Taganrog meri Svetlana Kambulova o‘z kanalida yozishicha, «tungi havo hujumi» natijasida ikkita ko‘p qavatli va bitta xususiy uy, kollej binosi, ikkita sanoat korxonasi va bitta bolalar bog‘chasi zarar ko‘rgan.

Ukrainaning Exilenova+ monitoring loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Taganrogdagi Beriyev nomidagi ilmiy-texnik markazga qilingan hujum paytida raketa tashuvchi harbiy samolyotlar — Ukrainaga bomba zarbalarida qo‘llanayotgan X-101 raketalarini olib yuruvchi Tu-95MSM samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatiladigan angar nishonga olingan. Loyiha kanali zarbadan keyin angar ichidagi yong‘in tasvirlangan videoni ham e’lon qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba vaqtida u yerda strategik bombardimonchi samolyot bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Astra nashri OSINT-tahliliga ko‘ra, yong‘in Beriyev nomidagi aviasanoat korxonasi yonidagi uchish-qo‘nish yo‘lagida kelib chiqqan. Nashr qo‘shimcha qilishicha, ushbu korxona 2025 yil iyul, shuningdek 2024 yil dekabr va mart oylarida ham hujumga uchragan. «Oko Gora» OSINT-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy aerodrom hududidagi samolyotlardan biri yongan. Ukrain manbalari bu A-60 bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hozircha bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanganidan beri Krasnodar o‘lkasiga qilingan eng uzoq va eng kuchli hujumlardan biri haqida ham mahalliy hokimiyat xabar berdi. «O‘lkamizning olti nafar fuqarosi yaralandi, beshta munitsipalitetda kamida 20 ta uy zarar ko‘rdi», — deb yozdi o‘lka gubernatori Veniamin Kondratev o‘zining Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Krasnodarda uylar va ofis binosi, Tuapseda ko‘p qavatli uy, Novorossiyskda yettita ko‘p qavatli va kamida yettita xususiy uy, Gelenjikda esa xususiy inshootlar zararlangan. Bir kishi yaralangani xabar qilinmoqda.

Krasnodar o‘lkasi operativ shtabiga ko‘ra, Novorossiyskda dron parchalari yana bir ko‘p qavatli uyga tushgan, natijada 11- va 12-qavatdagi uchta kvartira zarar ko‘rgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda halok bo‘lganlar yo‘q. Astra ma’lumotiga ko‘ra, Novorossiyskda dron havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarining bir necha S-300/S-400 ZRK qurilmalari va «Pansir-S1» ZRK joylashgan harbiy qismdan 700 metr narida joylashgan ko‘p qavatli uyga urilgan. Ukraina Qurolli Kuchlari 14 noyabr kuni bu harbiy qismga ham hujum qilgan edi.

Exilenova+ kanali ma’lumotiga qaraganda, uyga to‘g‘ri kelgan zarba Rossiya havo mudofaa tizimi raketaci sababli yuz bergan. «Novorossiysk, Krasnodar o‘lkasi: Rossiya HHM yaxshi sur’atga chiqdi va fuqarolar uyiga zarba beryapti», — deyiladi xabarda.

Parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Krasnodar, Gelenjik va Sochi aeroportlarida samolyotlarni qabul qilish va uchirishga vaqtincha cheklovlar joriy etildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi va Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi mazkur hodisalar yuzasidan xabar e’lon qilingan paytga qadar izoh bermagan.

Mavzuga oid