Rossiyalik harbiylar tunda Ukrainaning turli hududlari bo‘ylab zarba yo‘lladi.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 464 ta zarbdor dronlar va turli tipdagi (havo, dengiz va quruqlikdan) 22 raketa uchirilgan.

Prezident Volodimir Zelenskiy hujumning asosiy nishonlari energetika obektlari va boshqa o‘ta muhim infratuzilmalar bo‘lganini aytgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning to‘rtta droni Moldova va Ruminiya havo kengliklarini buzib kirgan.

Eng jiddiy vayrongarchiliklar Kiyevda qayd etilgan, poytaxtga dronlar va raketalar uchib kelgan.

Dniprovsk va Pechersk rayonlarida ko‘p qavatli turar joy binolari zarbaga uchragan va yong‘inlar yuzaga kelgan, Svyatoshinskiy rayonida esa omborxona yonib ketgan.

Maxym Marusenko / EPA / Scanpix / LETA

Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko shaharning turli rayonlarida jami yetti kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. Yana 20 kishi jarohatlangan, shundan yetti nafari, jumladan, bir bola shifoxonaga yotqizilgan.

Klichko Svyatoshinskiy rayonida zarbaga uchragan bino xarobalari ostida odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainian Emergency Service / AFP / Scanpix / LETA

Pechersk rayonida ham 22 qavatli turar joy binosi hujum vaqtida shikastlangan.

Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Bundan tashqari, Kiyev oblastidagi Belaya Tserkov shahrida ham hujum oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lib, sakkiz kishi yaralandi, deb xabar bergan shahar kengashi kotibi Volodimir Vovkotrub.

Oblast harbiy ma’muriyati tunda 14 yoshli qiz yaralangani to‘g‘risida xabar qilgandi.