Qirg‘izistonda joylashgan Rossiya harbiy bazalari mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Bu haqda Bishkekka kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov ishtirokidagi muzokaralar chog‘ida aytdi.
«Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Respublikaga joylashtirilgan birlashgan Rossiya harbiy bazasi – mintaqada barqarorlikni ta’minlashning muhim omilidir», — dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya-Qirg‘iziston munosabatlari strategik hamkorlik va ittifoqchilik ruhida, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olish asosida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda». Shuningdek, Rossiya Qirg‘izistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkoridir.
«O‘tgan yili tovar ayirboshlash 13,6 foizga oshib, rekord darajadagi 4,1 milliard dollarga yetdi, yanvar–sentabr oylarida yana 17 foizga ko‘paydi. Endilikda barcha to‘lovlarning qariyb 97 foizi milliy valutalarda amalga oshirilmoqda. O‘zaro hisob-kitoblarni tashkil qilishning yangi variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz», — dedi Rossiya yetakchisi.
Putin Qirg‘izistonga kiritilayotgan investitsiyalarning o‘sishi haqida aytdi.
«Siz rus investitsiyalari haqida aytdingiz. Ha, haqiqatan ham, ular ham o‘smoqda, deyarli ikki milliard dollarga yetdi. Respublikada Rossiya ishtirokidagi 1,8 mingta korxona faoliyat yuritmoqda», — dedi u.
Japarov nimalar dedi?
Sadir Japarovning aytishicha, Putinning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarning mustahkamligini yaqqol tasdiqlaydi.
«Rossiya – Qirg‘iziston uchun har doim strategik ittifoqchi, ishonchli hamkor va yaxshi do‘st bo‘lgan va bo‘lib qolmoqda. Albatta, biz birodar Rossiya bilan mustahkam va ko‘p qirrali munosabatlarni doimo yuqori baholaymiz»,

















