Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ekologik qoidabuzarliklarga qarshi kurashishda fuqarolar ishtirokini kuchaytirish maqsadida yangi rag‘batlantirish mexanizmini joriy etdi.

Unga ko‘ra, fuqarolar Ekonazorat axborot tizimi orqali yoki qo‘mita rasmiy bot sahifasi — @ecogovuzbot orqali ekologik huquqbuzarlik holatlarini aks ettiruvchi foto va video materiallarni yuborishlari mumkin.

Agar yuborilgan materiallar asosida huquqbuzarlik rasman tasdiqlansa, javobgar shaxsga jarima qo‘llansa, jarima puli amalda undirilsa, unda undirilgan jarima summasining 15 foizi murojaat qilgan fuqaroga mukofot puli sifatida beriladi.

O‘zbekiston prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi, Maxsus komissiya rahbari Aziz Abduhakimov ushbu tashabbus yuzasidan shunday dedi: «Maxsus komissiya ishlarni davom ettiradi va aholini tezkor xabardor qiladi. Endi navbat sizga! Kameralaringiz himoyamiz quroliga aylansin! Huquqbuzarlikni aniqlang va mukofotingizni oling. Toza havo uchun kurashda birgamiz».

Mazkur tizim atrof-muhitga zarar yetkazayotgan harakatlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarni faol fuqarolik pozitsiyasiga chorlash va “toza havo uchun kurash”ni keng jamoat ishtirokida olib borishga qaratilgan.