Ma’lumotlarga ko‘ra, federal yo‘llar va boshqa hududlarda o‘tkazilayotgan tekshiruvlar chog‘ida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda:

  • haydovchilik guvohnomalarining haqiqiyligi;
  • hujjatlarning amal qilish muddati va qonuniyligi;
  • ishlash huquqi va migratsion maqom;
  • haydovchilarning ingliz tilini bilish darajasi.

AQSh hukumati noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirgani sababli federal organlar keng vakolatlar asosida faol reydlar olib bormoqda. Xabarlarga ko‘ra, ushlangan ayrim shaxslar bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalanish yoki terrorizmga oid gumonlar bilan tilga olinmoqda.

Shu munosabat bilan, AQShda avtomobil boshqarayotgan vatandoshlardan quyidagilarga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda:

✅ barcha shaxsiy hujjatlarni, jumladan haydovchilik guvohnomasi, migratsion maqom va ishlash huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni tartibga keltirish;
✅ qonuniy maqomni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o‘zingiz bilan olib yurish.

Shuningdek, shubhali, tushunarsiz yoki muammoli holatlar yuzaga kelgan taqdirda, darhol O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.