Eron futbol federatsiyasi (EFF) delegatsiyasi 5 dekabr kuni AQŞ poytaxti Vaşingtonda bölib ötadigan jahon çempionati qur’asida iştirok etmoqçi emas. Avvalroq federatsiya rahbari Mahdiy Tojga mamlakatga kirişga ruxsat berilmagan edi. Bu haqda Iran International yozdi.
Eron delegatsiyasi JÇ-2026 yöllanmasini qölga kiritgan mamlakat vakili sifatida qur’a taşlaş marosimida iştirok etişi kerak edi. Biroq, OAV ma’lumotlariga köra, delegatsiyaning bir neça a’zosiga, jumladan EFF rahbari Mahdiy Tojga Amerika vizasi berilmagan. U bunday qarorni siyosiy deb atadi.
«Biz FIFAga qabul qilingan qarorlarning sportga heç qanday aloqasi yöqligi va Eron delegatsiyasi a’zolari jahon çempionati qur’asida iştirok etmasligini ma’lum qildik. Biz FIFA rahbari janob Infantinoga bu faqat siyosiy pozitsiya ekanini va FIFA bunday xatti-harakatlardan tiyilişni talab qilişi kerakligini aytdik», dedi Toj.
Qayd etilişiça, delegatsiyaning 4 nafar a’zosi, jumladan, Eron milliy jamoasi boş murabbiyi Amir Ğalinoiy viza olgan.
Biroq EFF vakili Amir Mahdiy Alaviy mamlakat delegatsiyasiga töliq tarkibda viza berilmasa, qur’a marosimidan voz keçişini ma’lum qildi.
FIFA va AQŞ Davlat departamenti hozirça vaziyatga izoh bermadi.
Eron taşqi işlar vaziri Abbos Aroqçi bu masalani nazorat ostida uşlab turganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanişiça, FIFA Ijro qömitasi a’zosi bölgan Toj katta ehtimol bilan FIFA orqali viza oladi.
Eslatib ötamiz, 5 dekabr kuni Vaşingtonda jahon çempionati final bosqiçiga qur’a taşlaş marosimi bölib ötadi.

















