Jahon | 09:42 / 29.11.2025
3266
3 daqiqa o‘qiladi

Ruminiya mudofaa vaziri rezyumesidagi yolg‘on ma’lumotlar sabab ishdan ketdi

Yonuts Moshtyanu ta’lim olgani haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni tan oldi. Ruminiya hukumati Rossiya bilan bog‘liq taranglik sharoitida mudofaa vazirligini vaqtincha kim boshqarishini hal qilmoqda.

Foto: AP

Ruminiya mudofaa vaziri Yonuts Moshtyanu rezyumesidagi muvofiqsizliklar sababli iste’fo berdi. Juma, 28 noyabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida Moshtyanu o‘z oliy ma’lumoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarda «xatoga yo‘l qo‘yganini» ma’lum qildi va mudofaa vaziri lavozimini tark etish qarorini e’lon qildi.

«Ruminiya va Yevropa Rossiya bosimi ostida turibdi. Milliy xavfsizligimiz qanday bo‘lmasin himoya qilinishi shart. Tayyorgarligim va ko‘p yillar oldin yo‘l qo‘ygan xatolarim muhokamasi mamlakatni hozir boshqarayotganlarni ularning murakkab vazifasidan chalg‘itishini istamayman», — deya izohladi mansabdor shaxs o‘z qarorini.

So‘nggi oylarda Ruminiyada havo hududi ehtimoliy rus dronlari tomonidan buzilgani haqida bir necha bor xabar berilgan. Bundan tashqari, Moskva o‘tgan yili Ruminiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik sayloviga aralashganlikda ayblangan.

Ruminiya bosh vaziri Iliye Bolojan Yonuts Moshtyanuning bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri lavozimlaridan iste’fosini qabul qilganini, mudofaa vazirligini esa vaqtincha amaldagi iqtisodiyot va turizm vaziri Radu Mirutse boshqarib turishini ma’lum qildi.

Moshtyanu atrofidagi mojaro Libertatea nashri shu haqda xabar berganidan keyin yuzaga keldi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u rasmiy rezyumesida 1990-yillar oxirida Buxarestdagi Athenaeum universitetida «menejment» ixtisosligi bo‘yicha o‘qiganini da’vo qilgan. Ammo universitetning o‘zida jurnalistlarga bunday talaba umuman bo‘lmagani, bunday ixtisoslik esa o‘quv dasturida faqat 2020 yildan boshlab paydo bo‘lgani aytilgan.

Yonuts Moshtyanu Libertatea nashridagi ma’lumotlar to‘g‘riligini tan oldi va 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan voqea uchun uzr so‘rab, o‘shanda bu tafsilotlarga katta e’tibor qaratmaganini aytdi. U yashiradigan hech narsasi yo‘qligini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqlarda Bioterra universiteti bakalavr diplomini e’lon qildi. Keyingi kuni esa Moshtyanu iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.

Mavzuga oid