Yig‘ilishda avvalo, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi. Havo ifloslanishiga qarshi ko‘rilayotgan, ifloslanish manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

So‘nggi kunlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi obektlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, shahar bo‘ylab ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari shular jumlasidan.

Prezident mazkur choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olishni topshirdi.

Maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 933 million dollarlik loyihalar 6 ta hududda – Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boshlangan, ammo boshqa viloyatlarda bu borada jiddiy harakat kuzatilmayapti. Boshlangan loyihalarda ham investorlarni infratuzilma – yo‘l, elektr, suv bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emas. Viloyatlar hokimliklari va Ekologiya milliy qo‘mitasiga kamchiliklarni bartaraf etib, kelgusi yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni boshlash topshirildi.

2030 yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish belgilangan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon faoliyati tugatilib, rekultivatsiya qilindi, natijada 243 gektar yer tabiatga qaytarildi. Lekin hozirda ishlayotgan 132 ta poligonning aksariyatida haligacha himoya devorlari, “yashil belbog‘”, suv ta’minoti va ekologik xavfsizlik inshootlari tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

– Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Birinchi navbatda, odamlarning sohadan roziligiga erishishimiz kerak. Bu masalaga faqat chiqindini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga rekultivatsiya qilingan 47 ta poligon yerini qayta foydalanishga kiritib, ularda “yashil maydon”lar barpo qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud poligonlarning barchasi atrofida “yashil belbog‘” yaratish, daraxt va ko‘chat ekish ishlarini poligonlarning yarmida bahor mavsumida, qolgan yarmida kuz mavsumida yakunlash vazifasi qo‘yildi. 2026 yildan bu ishlarga respublika budjetidan har yili kamida 150 milliard so‘m ajratib borilishi belgilandi.