Go‘zal Olloberganova Urganchda tug‘ilgan. Yoshligida bir muddat Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashagan. Keyinroq O‘zbekistonga qaytib, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida ta’lim olgan. 2021 yilda esa talaba vizasi bilan AQShga o‘qishga kelgan. Kun.uz muxbiri Amerikaga qilgan safari davomida Go‘zal bilan suhbatlashib, undan “sehrli diyor”gacha bosib o‘tgan yo‘li, hozirgi faoliyati, ikki mamlakat ta’lim tizimidagi farqlar haqida so‘radi. 

Go‘zal Olloberganova Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlaganidan keyin — 2021 yilda talabalik vizasi bilan AQShga kelgan. U 4 yildan beri shu davlatda o‘qib, ishlab hamda yashab kelmoqda. Go‘zal Amerikada buxgalteriya yo‘nalishida ta’lim oladi. U AQShdagi ta’lim O‘zbekistondan osonroq ekanini aytadi. 

“O‘zbekistonda chuqurroq, ko‘proq ma’lumot berishadi. Bu yerda esa sal yengilroq. Ozgina umumiy ma’lumotni bilib qo‘ysangiz ham sizdan yaxshisi yo‘q. O‘zbekistonda qiyinroq, haqiqatan.

Bizda yaxshi ma’lumot berishadi. Esimda institutda mening o‘qituvchilarim jonini berib o‘qitishardi. Bizneslarning moliyasini hisoblab chiqardik. Qiyin bo‘lardi, lekin bajarardik.

Bu yerda esa shunchaki kitob berishadi, “mana shu bo‘limgacha o‘qib qo‘ygin” deyishadi. Amerikada ko‘p institutlarda McGraw Hill tizim ishlaydi. U uyga vazifalar tizimi hisoblanadi. Unga kirganingizda siz javobni belgilaysiz, uni tekshirsangiz bo‘ladi. U sizga aytadi: bu noto‘g‘ri, boshqasini tekshir deydi, boshqasini bosasiz. U to‘g‘ri deydi — bo‘ldi, shuni kiritib ketaverasiz. 

Aniqrog‘i, o‘qidingiz-o‘qimadingiz, tizim ichida o‘zingiz tekshirasiz. Bo‘ldi, shu bilan besh bahoga topshirib ketaverasiz. Tizim juda kechirimli”, – deydi u.

Go‘zal hozirda logistika kompaniyalariga xizmat ko‘rsatadigan UGL Holding kompaniyasida marketing menejeri bo‘lib ishlaydi. U logistika sohasiga kirib kelgan vaqtda sohadan bexabar bo‘lgan.

“Amerikaga kelgan vaqtlarimda bir do‘stimiz kompaniyada suhbatdan o‘tishga taklif qilgan. Dugonam bilan birga biznes egasi bilan suhbatlashganmiz. “Men logistika haqida hech nimani bilmayman, mendan hech narsa kutmanglar”, deb ochiq aytganman. Ular esa vaqt va imkoniyat berishlarini aytgan. Bir yil o‘z ustimda ishlaganman, onlayn kurslar o‘qiganman, aytganimdek, logistikada nima bo‘layotganini, u o‘zi nima, qayerdan kirib kelgan – shularni tushunganman. O‘zimga logistika yoqadi. Boisi odamlar bilan gaplashib, kommunikatsiyaga kirishishni yaxshi ko‘raman. Logistikada ham har doim haydovchilar, boshqa departamentlar bilan gaplashib turasiz. Bir joyda o‘tirib qiladigan ish emas-da, har doim harakatda bo‘lishingiz kerak”,