2 dekabr kuni kechqurun Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff va AQSh prezidenti kuyovi Jared Kushner Moskvada Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv besh soatga yaqin davom etgan.
Muzokaralar yakunlanishi bilan Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov tomonlar «bo‘lib o‘tgan muzokaralar mohiyatini oshkor qilmaslikka» qaror qilganini aytdi. U faqat amerikaliklar qandaydir «27 banddan iborat hujjat»ni, shuningdek, yana to‘rtta hujjatni topshirganini, ularning barchasi birgalikda tinchlik rejasini tashkil etishini ta’kidladi. Ularning mohiyatiga aniqlik kiritishdan bosh tortgan.
Ushakov faqat «eng muhim» hududlar masalasiga alohida to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha bu borada murosaga kelinmagan. Prezident yordamchisi aytishicha, Amerikaning ba’zi ishlanmalari «u yoki bu darajada ma’qul», ammo boshqalari Rossiyaga «to‘g‘ri kelmaydi». Ushakov muzokaralar davom ettirilishini bildirgan.
«Biz amerikalik hamkasblarimiz bilan amerikaliklar bir muddat oldin Moskvaga yetkazgan loyihalar va hujjatlarning mazmunini muhokama qildik. Aniq formulirovkalarni emas, balki ushbu Amerika hujjatlariga kiritilgan g‘oyalarning mohiyatini gaplashdik. Ba’zi narsalarga rozi bo‘lishimiz mumkin edi va prezident buni suhbatdoshlariga tasdiqladi. Ba’zi ishlanmalar esa tanqidimizga sabab bo‘ldi va prezident ham bir qator takliflarga nisbatan tanqidiy va hatto salbiy munosabatimizni ochiq aytdi», – degan u.

Uchrashuvning aniq natijalari yo‘qligi sababli, Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Uitkoff va Kushnerning tushligiga katta e’tibor qaratdi – muzokaralar oldidan ular Kreml yaqinidagi Savva nomli restoranga tashrif buyurishgan. Kremldagi jurnalistlarga ko‘ra, tushlik ularga 25 ming rublga tushgan bo‘lishi mumkin.
«Biz issiq gazaklardan qisqichbaqa qo‘shilgan posikunchiklarni taklif qildik – bular mini-chebureklar. Ma’lumki, janob Uitkoff cheburek va qovurilgan qarsildoq xamirni juda xush ko‘radi. Stolda o‘zimizning qo‘ziqorinli chuchvaralarimiz ham bordi. Issiq taomga grechkali qiyma bedana, kiyik go‘shti, dimlangan paltus hamda va baliqli kulebyaka tortildi», – degan «Moskva 24» telekanaliga restoran direktori Maksim Romansev. Nashrning aniqlik kiritishicha, Uitkoffga eng ko‘p yoqqan taomlar qisqichbaqali cheburek va pishloqli nonlar bo‘lgan.
Bugun bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana bir bor takrorladi: Moskva tinchlik jarayoni doirasida sukunat tamoyiliga amal qilishda davom etadi. «Bu muzokaralar qanchalik tinch o‘tkazilsa, shunchalik samarali bo‘ladi», – dedi u. Peskov, shuningdek, Putin AQShning rejasini rad etdi, deyish noto‘g‘ri bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.









