Ushbu ilovani O‘zbekiston Energetika vazirligi 2024 yil noyabrida taqdim etgan edi.
“Energetika vazirligi hamda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan aholi iste’molchilarining tabiiy gaz sarfi va xarajatlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Hudud Gaz Ta‘minot” mobil ilovasi test sinovida ishga tushirildi. Mazkur ilova orqali iste’molchilar bevosita kunlik va oylik kesimida tabiiy gaz iste’molini kuzatib borish, xususan, gaz hisobraqamlariga to‘lov qilish hamda suyultirilgan gaz iste’molchilari o‘z hisoblarini to‘ldirish va biriktirilgan ballonlar ro‘yxatini ko‘rib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – deyilgandi vazirlik xabarida.
Ilova ishga tushirilgan paytda undagi barcha ma’lumotlarni ko‘rish bepul edi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, ilovaga yangi qo‘shilgan va bungacha mavjud bo‘lgan funksiyalarning bir qismidan foydalanish uchun 5 ming so‘mlik premium obuna paydo bo‘ldi. Bu esa ayrim foydalanuvchilarda e’tiroz uyg‘otdi: “Davlat nega bizdan qo‘shimcha pul undiryapti?” degan savollar yuzaga keldi.
Tadbirkor Alisher Tojiyev X ijtimoiy tarmog‘ida bu haqda yangragan e’tirozga javoban, ilova 100 foiz unga tegishli ekani va o‘z mablag‘lari hisobidan yaratilganini ma’lum qildi.
“HGT loyihasini yaratish uchun davlat budjeti mablag‘lari sarflanmagan. Unda nega loyiha haqida Energetika vazirligi va “Hududgazta’minot” AJ o‘z kanalida yozib chiqqan edi? Gap shundaki, loyihani yaratganimdan so‘ng uni tegishli tashkilotlarga taqdimot qilib berganman. Ochig‘ini yashirmasdan aytaman, maqsadim davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash bo‘lgan. Ammo qonuniy tomondan yo‘li topilmagani sababli ushbu taklifimni rad etgan.
[...] Dastlab loyihani ishlab chiqqanimda ilovamizda “Hududgazta’minot” AJ nomi va logotipi ham bor edi. Chunki yuqorida aytganimdek, davlat-xususiy sheriklik asosida ishlash niyatim bo‘lgan. Ammo keyinchalik “Hududgazta’minot” AJ bizga rasman xat bilan murojaat qilib, ilovadan AJ nomi hamda logotipini olib tashlashni, bu iste’molchilarni chalg‘itayotganini ta’kidlagan va biz zudlik bilan olib tashlaganmiz”, deya yozdi Alisher Tojiyev.
Tadbirkor ayrim xizmatlarning pulli qilib qo‘yilganini ilova faoliyatini ta’minlashdagi operatsion xarajatlar bilan izohladi.















