Oktyabr oyi oxiridayoq RF qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Donetsk oblastida Pokrovsk va Mirnograd shaharlari (Rossiya rasmiylari ushbu shaharlarning sovetcha nomlarini ishlatadi – Krasnoarmeysk va Dimitrov) aglomeratsiyasi qurshab olingani haqida hisobot bergandi. 1 dekabr kuni kechqurun Kreml Pokrovsk «egallangani» haqida bayonot berdi.

Kiyevda esa bu bayonot rad etildi va Ukraina qurolli kuchlari ushbu aholi yashash manzillari o‘z nazoratida qolishi uchun qarshi choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Gerasimovning hisobotida Rossiya qo‘shinlari 26 oktyabr kuniyoq Pokrovsk va Mirnograd hududlarida «dushmanni qurshovga olishni yakunlagani» va «Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhi yo‘lini bloklab qo‘ygani», Ukrainaning 5,5 mingga yaqin harbiysi «qurshovda qolgani» iddao qilingandi. 1 dekabr kuni kechqurun esa RF mudofaa vazirligi Pokrovsk shahri to‘liq hamda Mirnogradning janubiy qismi egallagani haqida bayonot berdi.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya mazkur aglomeratsiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun frontning kichik uchastkasida (front chizig‘i 40-50 kilometrga cho‘zilgan) 150 ming nafar atrofida harbiy to‘plaganini ma’lum qilgan. Bu Moskva 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uchun harakatga keltirgan yirik qo‘shin bilan deyarli tengdir.

Ukrainaning harbiy va siyosiy rahbariyati Pokrovsk va Mirnograd qurshovda qolgani faktini rad etgan. Bundan tashqari, oktyabr oyidayoq ukrain armiyasi aglomeratsiyani o‘z nazoratida ushlab qolish uchun faol harakatlar qo‘llashni boshlagandi. Birinchi navbatda, gap ushbu yo‘nalishga qo‘shimcha kuchlarni olib kelish haqida ketadi.

Ukraina armiyasi qo‘llagan choralar chindan ham rossiyalik harbiylarning oldinga yurishini to‘xtatdi va dekabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, Rossiya kuchlari baribir oldinga qo‘yilgan maqsadga erisha olmagan – ushbu shaharlar to‘liq egallanmagan.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Pokrovskning qaysi qismi rossiyalik harbiylar qo‘liga o‘tgan?

Moskvaning Ukraina qurolli kuchlari Pokrovsk-Mirnogradda qurshab olingani haqidagi bayonotlari ortidan deyarli darhol Ukraina rasmiylari, jumladan, armiya vakillari bu shaharlardagi garnizonni imkon qadar olib chiqib ketishni talab qila boshladi.

Ammo Ukraina Bosh shtabi boshqa qarorni qabul qildi.