Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2 mlrd dollarlik bombardimonchi va uning “ukalari”: dunyodagi eng qimmat 5 harbiy samolyot
B-2 Spirit Foto: Air Force
Yangi harbiy samolyotlar – shunchaki texnika emas. Ular kuch namoyishi, muhandislik taraqqiyotining belgilari va ko‘p hollarda insoniyat yaratgan eng murakkab texnik tizimlardir. Havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘ta oladigan stels-bombardimonchilardan tortib, davlat xavfsizligi uchun yaratilgan havodagi boshqaruv punktlarigacha – quyida tarixdagi eng qimmat besh harbiy samolyot ro‘yxati keltiriladi.
1. B-2 Spirit
B-2 Spirit hanuzgacha tarixdagi eng qimmat samolyot unvonini saqlab turibdi. AQSh HHK va Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 1997 yilga kelib, dasturning umumiy qiymati 21 ta samolyot uchun 44,75 milliard dollarga yetgan. Demak, bitta bombardimonchining o‘rtacha xarid qiymati taxminan ikki milliard dollarga teng.
Havo kuchlari inflatsiyani hisobga olgan holda rasmiy yangilangan raqamlarni e’lon qilmagani uchun tahlilchilar, odatda, aynan shu hujjatlashtirilgan “ikki milliard dollarni” asos qilib oladi. Jami 21 dona B-2 Spirit qurilgan, shulardan 19 tasi hozirgacha safda qolmoqda.
2. VC-25B Air Force One
VC-25B – davlat rahbari uchun mo‘ljallangan samolyot. Bu harbiy maqsadlarda yaratilgan eng qimmat samolyotlardan biri hisoblanadi.
2018 yili AQSh HHK Boeing kompaniyasi bilan ikki dona 747-8 yo‘lovchi samolyotini yangi avlod Air Force One’ga aylantirish uchun 3,9 milliard dollarlik shartnoma tuzdi. Inflatsiya va ortiqcha xarajatlarni hisobga olgan holda, har bir samolyotning haqiqiy qiymati 2–2,5 milliard dollar atrofida baholanadi – buning ustiga ekspluatatsiya (uchirish, texnik xizmat, modernizatsiya) xarajatlari bunga kirmaydi.
3. B-21 Raider
B-21 Raider – ushbu ro‘yxatda hali to‘liq ishlab chiqilmagan, lekin shunga qaramay, allaqachon eng qimmat harbiy mashinalar qatoriga kirib ulgurgan yagona samolyot bo‘lib.
AQSh HHK bitta samolyotni xarid qilish uchun mo‘ljallangan o‘rtacha narxni 2022 yil narxida taxminan 692 million dollarga belgilagan. Ochiq manbalardagi baholashlarga ko‘ra, inflatsiya va qo‘shimcha xarajatlarni hisobga olganda, amaliy qiymat bir samolyot uchun taxminan 750–800 million dollar atrofida bo‘ladi.
Bu, albatta, bir dona B-2 bilan solishtirganda arzonroq, lekin rejalashtirilgan xarid hajmi — kamida 100 ta samolyot (keyinchalik taxminan 145 tagacha oshishi mumkin) — bu summani yanada hayratomuz darajaga olib chiqadi.
4. F-22 Raptor
Agar ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, shuningdek infratuzilma xarajatlari ham hisobga olinsa, har bir F-22 uchun umumiy qiymat taxminan 350–360 million dollarni tashkil etgan. Bu raqam 67,3 milliard dollarlik umumiy dastur budjeti va 195 dona samolyot taqdim etilgani hisobidan chiqariladi.
Bu F-22 Raptor’ni tarixdagi eng qimmat qiruvchilardan biriga aylantiradi va bir vaqtlar rejalashtirilgan 750 ta samolyotlik partiya nega deyarli to‘rt baravarga qisqartirilganini tushuntiradi. Bugungi kunda AQSh HHK taxminan 180 ta F-22 Raptor’ga ega.
5. F-35 Lightning II
F-35 yig‘ish (ishlab chiqarish) qiymati bo‘yicha eng qimmat samolyot emas, biroq shubhasiz, tarixdagi eng qimmat qurollanish dasturi hisoblanadi.
AQSh Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, F-35 dasturining butun hayotiy sikli qiymati – ya’ni ishlab chiqish, xarid, ekspluatatsiya va xizmat ko‘rsatishni hisobga olgan holda – 2070 yilga borib 1,7 trillion dollardan oshib ketadi. Bu raqam AQSh uchun rejalashtirilgan butun parkka bo‘linganda, har bir samolyotga o‘rtacha 400 million dollardan ortiq “umrbod” qiymat to‘g‘ri keladi. Bu F-35’ni tarixdagi eng qimmat jangovar samolyotlar qatoriga ishonchli tarzda joylashtiradi.
Bevosita yig‘ish narxi variantga qarab 80–120 million dollar miqdorida o‘zgarib turadi. F-35’ning 1000 dan ortiq nusxasi allaqachon AQSh qurolli kuchlarining uchta turiga va 20 dan ortiq hamkor davlatlarga yetkazib berilgan. Ishlab chiqarish kamida 2040-yillargacha davom etishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
08:16 / 24.10.2025
Vilnyus: Rossiya harbiy samolyotlari Litva chegarasini buzdi
09:50 / 11.10.2025
Rossiyada yil boshidan beri to‘rtinchi harbiy samolyot halokatga uchradi
18:49 / 29.05.2025
Janubiy Koreyada harbiy samolyot halokatga uchradi
20:50 / 13.09.2024