Qashqadaryoning Kitob tumanida yashovchi Jasur va Dilfuzaning besh qizi bor edi. Shu yil ularning farzandlari 9 nafarga yetdi - oilada to‘rt qizaloq egizaklar dunyoga keldi. Kun.uz jamoasi chaqaloqlarning ilk kunlari va oilaning kundalik hayoti bilan tanishdi.
Egizaklar tug‘ilishi - tabiatning eng noyob va hayratlanarli hodisalaridan biri. Statistikaga ko‘ra, har 80-85 ta tug‘uruqdan birida ikki egizak dunyoga keladi. Uch egizak esa har 8-10 mingta holatda kuzatilar ekan. Va har 500-700 mingta tug‘uruqda to‘rt egizak dunyoga kelishi mumkin.
Shunday mo‘jiza Qashqadaryoning Kitob tumanida, tog‘lar orasida sodir bo‘ldi. Jasur va Dilfuzaning oilasida to‘rt nafar egizak qizaloqlar tug‘ildi. Endi ularning oilasida to‘qqiz qiz bor.

Chaqaloqlar qariyb uch hafta davomida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida parvarishlanib, shu kunlarda uyiga javob berildi.

“Chaqaloqlar tug‘ilgunga qadar ularning to‘rt nafar ekanini bilmaganmiz. UZI tekshiruvlarida uch nafar ekani ko‘rsatilgan edi. Chaqaloqlar kesib olish yo‘li bilan tug‘ilganda, to‘rt egizak ekanini bilib, yana ham hayratlandik. Ularning har biri sog‘lom va baxtli o‘sishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha harakatlarni qilamiz. Kelajakda to‘qqiz farzandimizni ham yaxshi o‘qitib, voyaga yetkazib, ziyoli inson qilib tarbiyalashni maqsad qilganmiz”, - deydi Dilfuza Bahriddinova.

Chaqaloqlarga Xadicha, Saida, Fotima va Osiyo ismlari qo‘yildi.
“Har bir chaqaloqni o‘z qo‘llarimda ko‘rish, ularning nafas olishini, haroratini kuzatish - eng katta baxt”, – deydi Dilfuza.
Qaynonasi Rafoat Omonova ham oilaga ko‘maklashmoqda.

“Meni hozircha o‘ylantirayotgan asosiy holat - qishning sovug‘ida bolalarni issiq joyda saqlash va kelinimning qiynalib qolishi. Ammo hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman. Men ham qo‘limdan kelgan yordamni qilaman, albatta”, - deydi chaqaloqlarning buvisi.




















