Rossiya, Ozarboyjon, Belarus, Qozoğiston, Qirğiziston, Serbiya, Tojikiston, Turkmaniston va Özbekiston taşqi işlar vazirlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik taşkilotini (YeXHT) natsizm va ksenofobiya körinişlariga qarşi kuraşişga çaqirdi. Bu haqda Ikkinçi jahon uruşida natsizm ustidan qozonilgan ğalabaning 80 yilligi munosabati bilan berilgan bayonotda (.pdf) aytiladi.

«Biz irqiy ustunlik ğoyalarining tarqalişi, irqçilik, ksenofobiya va ular bilan boğliq kamsitiş körinişlariga qarşi kuraşiş uçun EXHT barça imkoniyatlaridan foydalaniş zarur, deb hisoblaymiz. Biz amaldagi YeXHT raisligini, şuningdek, YeXHT ijro etuvçi tuzilmalari rahbarlarini neonatsizm, natsistlar va ularning şeriklarini qahramonlaştiriş va reabilitatsiya qiliş holatlariga munosib baho berişga çaqiramiz», deyiladi taşkilot TIV rahbarlari kengaşida.

Töqqiz mamlakat taşqi siyosat idoralari rahbarlari «irqçilik va ksenofobiya ruhidagi turli ekstremistik harakatlar va mafkuralarning, şu jumladan, tarafdorlari milliy yoki irqiy ustunlik ğoyalarini himoya qiladigan neonatsizmning tarqalayotganini» qayd etdi.

Ular «natsistlar harakatini qahramonlaştiriş, sobiq Vaffen-SS a’zolari va ularning şeriklarini reabilitatsiya qiliş, ular tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarşi jinoyatlarni inkor etişga qaratilgan faoliyatga qat’iy çek qöyiş niyatini» bildirdi va Ikkinçi jahon uruşining tarixiy xotirasini saqlab qoliş va neonatsizmning har qanday körinişiga qarşi kuraşiş uçun xalqaro sa’y-harakatlarni birlaştirişni taklif qildilar.