Bir necha kun oldin AQSh prezidenti Tramp yangi tahrirdagi Milliy xavfsizlik strategiyasini imzoladi. Bu hujjat har 3-4 yilda bir marta AQSh ijro hokimiyati tomonidan tayyorlanadi, prezident tomonidan imzolanadi va Kongressga taqdim qilinadi. Bu – AQShning tashqi siyosati, ayniqsa xavfsizlik va barqarorlik borasidagi qarashlarini bildiradi.
Bu safargi strategiya AQShning shu paytgacha shakllangan qarashlarini keskin o‘zgartiradi. Ayniqsa, NATOga, Yevropa Ittifoqiga munosabat keskin o‘zgargan. Shu sabab, bu strategiya Yevropa Ittifoqidagi AQShning an’anaviy ittifoqchilarida, NATOga a’zo davlatlarida ancha noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Bu strategiyada Rossiya Federatsiyasi oldingilari kabi “dushman” yoki “raqib” davlat deyilmagan. NATOning kengayishiga, yangi a’zolar qo‘shilishiga ham salbiy munosabat bildirilgan. Rossiya–Ukraina urushini tezroq tugatish va Rossiya bilan munosabatlarni tiklash taklif qilingan.
Yevropa Ittifoqi davlatlari, NATOga a’zo davlatlar o‘zlarining xavfsizlik va barqarorlik mas’uliyatlarini o‘zlari olishlari kerakligi bildirilgan. Mana shu fonda, G‘arb davlatlari OAVlarida chiqayotgan insayder ma’lumotlar va ularning tahlillari shuni ko‘rsatadiki, AQSh o‘zining strategik nigohini boshqa tomon burmoqda. Bundan keyin AQSh ikki frontda urush olib borish niyatida emas. Chunki bunga AQShning resurslari yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sabab, rasmiy Vashington Rossiya–Ukraina urushini tezroq tugatish va boshqa mintaqaga to‘liq e’tiborini qaratish niyatida. Gap – Hind-Tinch okeani havzasi haqida ketmoqda. Oddiy qilib aytganda, AQSh bundan keyin global maydondagi o‘zining eng ustuvor vazifasi sifatida Xitoy Xalq Respublikasini tiyib turishni belgilab oldi.
AQSh NATOdan chiqib ketish niyatida emas, lekin NATO doirasidagi o‘zining ishtirokini pasaytirmoqchi. Bundan maqsad – bor resurslarini Hind-Tinch okeani havzasiga, aniqrog‘i XXRga qarshi yo‘naltirish, ya’ni “Xitoy taxdidi”ga qarshi qaratish.
Keyingi ikki o‘n yillikda AQSh siyosiy elitasi va prezidentlarining strategik nigohi Xitoy tomon kuchayib bormoqda. Sovuq urush tugab, SSSR qulagan 1990-yillarda Vashintondagi siyosiy mutafakkirlar Xitoyni asosiy tahdid sifatida ko‘rmas edi. U vaqtlar “Xitoy boy bo‘lgan sari, u liberal bo‘ladi, liberal bo‘lgan sari AQShga qulay va u tarafidagi davlatga aylanib boradi” degan qarash ustuvor edi. Biroq bugun Xitoyni asosiy raqib va tahdid deb bilish, Vashingtondagi ikki partiya uchun va barcha keyingi prezidentlar uchun – norma. Ayni paytda, Xitoyga qarshi tirashuvdagi usullar borasida, qarashlar farq qiladi.















