Jahon | 09:35 / 13.12.2025
1493
4 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan uchrashadi

Stiven Uitkoff bu dam olish kunlarida Berlinda Ukraina, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlari bilan uchrashadi. Oldinroq Oq uy muzokaralar “sarflangan vaqtga arzisa”, o‘z vakilini yuborishini ma’lum qilgan edi.

Foto: Alexander Drago/UPI Photo/Newscom/picture alliance

AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiven Uitkoff, shuningdek Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner Yevropa yetakchilari hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan dam olish kunlari Berlinda uchrashadi. Uchrashuvlar aniq qaysi vaqtda boshlanishi aytilmagan, ammo 14–15 dekabr kunlari Uitkoff Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda. Bu haqda juma kuni, 12 dekabrda, manbalarga tayanib, AQShning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi xabar berdi. Oq uy vakili bu ma’lumotni tez orada AFP agentligiga tasdiqladi.

Zelenskiydan tashqari, Uitkoff bilan Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, shuningdek Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari bilan shug‘ullanayotgan ushbu davlatlarning boshqa vakillari ham uchrashadi.

Avvalroq Yevropa yetakchilari dam olish kunlarida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ham uchrashuv tashkil etishga umid qilgan edi. OAV bu uchrashuv 13 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tadi, deb yozgan, ammo RMF Polsha radiostansiyasi Yelisey saroyidagi manbaga tayanib xabar qilishicha, shu kuni Fransiya poytaxtida bunday tadbir rejalashtirilmagan.

Bir kun oldin Oq uy vakili Kerolayn Livitt Germaniya poytaxtidagi uchrashuvga AQShga yo‘llangan taklif haqida fikr bildirib, Oq uy faqat “tinchlik kelishuvini imzolash uchun real imkoniyat paydo bo‘lsa” va “bu uchrashuvlar sarflangan vaqtga arziydi”, degan tasavvur bo‘lsagina o‘z vakilini yuborishini aytgan edi.

“Unga (Trampga — tahr.) faqat uchrashuv uchun uchrashuvlar jonga tegdi. U endi gap-so‘zni emas, harakatni istaydi, bu urushning tugashini istaydi. Faqat so‘nggi ikki hafta ichida AQSh ma’muriyati rossiyaliklar, ukrainlar va yevropaliklar bilan uchrashuvlar va suhbatlarga 30 soatdan ortiq vaqt sarfladi”, — degan Livitt.

Tramp esa bundan bir oz oldin 10 dekabr kuni Mers, Makron va Starmer bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish mavzusiga bag‘ishlangan telefon muloqotida “keskin so‘zlar” aytilganini bildirgan. AQShning e’lon qilingan uchrashuvda ishtiroki haqidagi savolga u shunday degan: “Biz ular nima bilan qaytib kelishiga qarab qaror qilamiz. Biz vaqtni bekor sarflashni istamaymiz”.

Germaniya kansleri idorasi 15 dekabr kuni Ukraina prezidenti bilan uchrashuvni e’lon qildi — WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu kuni Uitkoff Yevropa davlatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishi ham kutilmoqda. Mers va Zelenskiy iqtisodiy masalalar hamda tinchlik muzokaralarini muhokama qiladi. “Kechqurun muhokamalarga ko‘plab Yevropa davlatlari va hukumatlari rahbarlari, shuningdek YeI va NATOning yuqori lavozimli vakillari qo‘shiladi”, — deyiladi Germaniya hukumati rahbari saytida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid