Volodimir Zelenskiy Kupyanskka tashrif buyurib, stela oldida suratga tushdi. Bundan avvalroq Rossiya tomoni shahar o‘z nazoratida ekanini bir necha bor e’lon qilgan edi. Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra Ukraina diplomatik muzokaralarda yaxshi natijalarga erishishi uchun front chizig‘idagi yutuqlar juda muhimdir. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida ekspertlar ushbu mavzu xususida so‘z yuritdi.
Ukraina yetakchisi Kupyanskka bordi, mana shu fonda frontdagi vaziyat qanday?
Abduvali Soyibnazarov: Frontdagi vaziyat keskin o‘zgarib ketgani yo‘q, janglar davom etmoqda va ular asosan bir nechta yo‘nalishlarda jamlangan. Xususan, Kupyansk atrofi, Krasniy Liman (Qizil Liman), Zaporojye yo‘nalishidagi Gulyaypole hamda Donetsk viloyatidagi Konstantinovka atrofida to‘qnashuvlar shiddat bilan davom etyapti. So‘nggi kunlarda Volodimir Zelenskiyning Kupyansk yaqinidagi stela oldida tushgan surati ham aynan shu fonda paydo bo‘ldi. Zelenskiy bu hududga borganini yashirmayapti, biroq Kupyansk shahri to‘liq Ukraina nazoratida deb aytish qiyin. Shaharning katta qismi, taxminan 95–98 foizi Rossiya kuchlari nazoratida qolmoqda. Prezident suratga tushgan joy esa Kupyansk markazi emas, balki frontga yaqin hudud hisoblanadi. Bu tashrif bir tomondan Ukraina qo‘shinlarining ruhini ko‘tarishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Rossiyaga nisbatan ramziy va psixologik bosim sifatida baholanishi mumkin. Ayni paytda Kupyansk yo‘nalishida Kondrashevka va Radkovka aholi punktlari atrofida Ukraina qo‘shinlari faol hujumlar olib bormoqda. Agar bu hududlar mustahkam qo‘lga olinadigan bo‘lsa, kelgusida Kupyansk uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli bu yo‘nalish hozirda strategik jihatdan muhim sanaladi. Zelenskiy front chizig‘iga borib turishi yangilik emas. U ilgari ham bir necha bor shunday tashriflar orqali harbiylarning ruhiyatini mustahkamlashga harakat qilgan. Chunki hozirgi vaziyat Ukraina uchun oson emas. Ukraina Qurolli Kuchlari Uchinchi shturm brigadasi qo‘mondonining o‘rinbosari Maksim Jorin ham oldingi chiziqlarda vaziyat ancha murakkablashganini, Rossiya qo‘shinlarining bunday tezlikda harakatlanishini urush boshlanganidan beri kuzatmaganini ta’kidlagan. Xuddi shunday fikrlarni britaniyalik harbiy ekspert, Ukraina Mudofaa vazirligining sobiq maslahatchisi Glen Grant ham bildirgan. Uning aytishicha, Ukrainadagi siyosiy va harbiy boshqaruvdagi zaifliklar frontdagi ahvolning kundan kunga og‘irlashishiga olib kelmoqda. Biroq bu fikrlar Ukrainaga taslim bo‘ldi, degan xulosani anglatmaydi. Ukraina armiyasi hanuz bir qator yo‘nalishlarda qarshilik ko‘rsatish salohiyatiga ega. Shu bilan birga, Donbassdagi umumiy vaziyat hozircha Rossiya foydasiga shakllanmoqda. Rossiya tomoni Mirnograd atrofida ukrain qo‘shinlari qurshab olinganini da’vo qilmoqda, biroq bu hududda ham janglar davom etyapti. Zaporojye yo‘nalishidagi Gulyaypole shahrida shahar ichida to‘qnashuvlar ketayotgani, Konstantinovkaning janubiy qismida esa janglar kuchaygani haqida xabarlar bor. Umuman olganda, hozirgi bosqichda frontdagi tashabbus ko‘proq Rossiya tomonida, biroq vaziyat hali yakuniy emas va qarama-qarshiliklar davom etmoqda.














