Ikki kishi plyajdagi odamlarni o‘qqa tutgan. Kamida 12 kishi halok bo‘lgan. Hujum ijrochilaridan biri oddiy fuqaro tomonidan qurolsizlantirilgan.
14 dekabr kuni Avstraliyaning Sidney shahri hududidagi Bondi plyajida otishma ro‘y berdi. Guvohlarning mahalliy televideniye efirida aytishicha, qora kiyingan ikki shaxs piyodalar ko‘prigida turgan holda plyajdagilarni o‘qqa tutgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hujum qilgan shaxslar aks etgan videoyozuvlar tarqalgan.
Otishma yahudiylarning diniy bayrami hisoblangan Xanukining ilk kunida ro‘y berdi – bu bayram 14 dekabrdan 22 dekabrgacha nishonlanadi. Otishma boshlangan mahalda plyajda sham yoqish marosimi bo‘lib o‘tayotgandi.
Mahalliy nashrlar avvaliga kamida 10 kishi halok bo‘lib, 60 kishi yaralanganini xabar qildi.
«Men yerda qonga belanib yotgan kamida 10 kishini ko‘rdim», degan jurnalistlarga guvohlardan biri. The New York Times xabariga ko‘ra, kamida o‘n kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Guvohlardan biri jami 50 ga yaqin o‘q ovozini eshitganini aytgan. Boshqa bir guvohning so‘zlariga ko‘ra, otishma 10 daqiqaga yaqin davom etgan. U ro‘y bergan hodisani «yerdagi jahannam»ga qiyoslagan.
Bu vaqtda plyaj hududida ikki mingga yaqin kishi bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda plyaj hududidan yuzlab kishilar har tomonga qochib borayotganini ko‘rish mumkin.
ABC telekanali muxbiri bilan gaplashgan guvohlar avvaliga o‘q ovozlarini mushakbozlik deb o‘ylashganini aytishgan. Ulardan biri plyaj yaqinidagi restoranda oila a’zolari bilan kechki ovqatni qilayotganida otishma boshlangani va ular darhol kiyim almashtirish xonasidagi o‘rindiqlar ortiga yashirinishgani, plyaj tomondan yarador holatdagi kishilar ularning oldiga yugurib kelganini aytib bergan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilganlar ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri politsiyachilar bilan otishma chog‘ida o‘ldirilgan, ikkinchisi yaralangan holda qo‘lga olingan, uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.


















