Ukraina qurolli kuchlari Kupyanskning bir qismini ozod qilishga erishdi. Ahyon-ahyonda kichik shturmchi otryadlar qarshi hujumga o‘tib turgan Pokrovskdan farqli o‘laroq, Xarkiv oblasti sharqidagi bu shaharning g‘arbiy chekkasiiga Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhi tashlangan. Ular shahar janubi-g‘arbidagi «Yubileyniy» mikrorayonidagi ko‘p qavatli uylarga joylashgan (biroz oldin bu hudud shiddatli janglar maydoniga aylangan; Rossiya kuchlari mikrorayonning bir qismini nazorat qilib turgandi). Bu esa Volodimir Zelenskiyga shaharga janubi-g‘arbdan kirish qismiga kelib, selfi olish imkonini berdi. Bundan tashqari, ukrain kuchlari shahar markazidagi oldinroq tashlab ketilgan pozitsiyalar tomon siljishga muvaffaq bo‘lgan. Yanada muhimi, Ukraina qurolli kuchlari RF qurolli kuchlarining shahar shimolidagi mudofaa chizig‘iga chuqur kirib bordi. Bu esa Kupyansk ichkarisida qolgan rossiyalik shturmchilarga ta’minot yetkazib berish masalasini og‘irlashtiradi. Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari Donetsk va Zaporijjya oblastlarida muvaffaqiyatli yurishlarini davom ettirmoqda. Ular Seversk shahrini egallagan va Ukraina qurolli kuchlarining Gulyaypoledagi pozitsiyalarini shturm qilmoqda. «Meduza» sharhida shu haqda.

Kupyansk

Rossiya qo‘shinlari so‘nggi bir yil ichida Kupyanskning har ikki qismini (shahar o‘rtasidan Oskol daryosi o‘tgan) egallashga bir necha bor urinib ko‘rdi. G‘arbiy sohildagi platsdarmdan hujum qilish orqali katta yutuqlarga erishildi. RF qurolli kuchlari markazdan o‘tib, shaharning janubiy chekkalarigacha yetib keldi. Shu bilan birga, shaharning janubi-g‘arbiy chekkasida va markaziy qismlarida Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik o‘choqlari saqlanib qoldi. Bu vaqtda rus qo‘shinlari shaharning sharqiy qismida joylashgan sanoat zonasini egallashga muvaffaq bo‘ldi.

RF qurolli kuchlarining Oskol daryosi g‘arbiy sohilidagi platsdarmi doim og‘ir qurollarni yetkazib berish va qo‘shimcha kuchlar o‘tkazishsh bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan: artilleriya va hatto dron operatorlari sharqiy qirg‘oqda turib harakat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Natijada platsdarm qirg‘oq bo‘ylab tor uzun chiziq shaklini oldi. Ukraina qurolli kuchlari bir necha bor daryo bo‘yiga yorib kirishga va platsdarmni qismlarga bo‘lib tashlashga uringan.

Dekabr oyida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yana bir urinish amalga oshirildi. Ukraina bo‘linmalari Kupyanskning shimoliy chekkalarini egalladi va amalda shahar markazi va janubidagi rossiyalik shturmchilarni asosiy platsdarmdan uzib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.