Secret Santa — bu guruh ichida tasodifiy ravishda kimga sovg‘a olish belgilanadigan, sovg‘a beruvchining ismi yashirin saqlanadigan o‘yin. Odatda har bir ishtirokchi boshqa bir bola uchun sovg‘a tanlaydi va o‘zi ham birovdan sovg‘a oladi. Sovg‘a egalari anonim saqlanadi. Ushbu an’ana Rojdestvo bayrami bilan bog‘liq. Bu 19-asrda Shvetsiya va Norvegiyada paydo bo‘lgan “Julklapp” urfidan kelib chiqqan. Shvedcha “Julklapp” so‘zi “Rojdestvoga sovg‘a” ma’nosini bildiradi. Odamlar qo‘shnisining eshigi yoniga sirli sovg‘acha qo‘yadi va uni ko‘rib qolmasliklari uchun tezda yugurib ketardi. Maqsad bayram ruhini ulashish, kayfiyatni ko‘tarish bo‘lgan. O‘zbekistonda ham oxirgi bir-ikki yilda bu an’anaga amal qilinyapti. Faqat maqsadlar o‘zgargandek...
Bu an’ana bolalar orasida bullingga sabab bo‘lyapti
Ba’zi ota-onalar Secret Santa o‘yini ba’zan maktab o‘quvchilari o‘rtasida salbiy munosabatlarga sabab bo‘layotgani, bola depressiyaga tushayotganidan xavotir bildirgan. Kun.uz’ga o‘z fikrini bildirgan o‘qituvchilardan biri esa sinfidagi o‘quvchilar shu sabab ikkiga ajralib qolganini aytdi.
“Bu an’ana bir-birining ijtimoiy ahvolini biladigan odamlar orasida bo‘lishi normaldir balki. Lekin bolalar orasida ommalashishiga qarshiman. Chunki bolalar bir-birlarining moliyaviy holatlarini yaxshi bilishmaydi. Yaqinda o‘quvchilarim shunaqa o‘yin o‘ynashni taklif qilishdi. Ruxsat berdim, shartlari bor ekan, ya’ni qur’a tashlash yo‘li bilan kim kimga sovg‘a berishini aniqladik. Buni bolalar orasida sir saqlashga kelishdik. Lekin undan keyin juda pushaymon bo‘ldim ruxsat berganimdan. Chunki shundan keyingi bir haftani shu o‘yinning g‘alvasi bilan o‘tkazdik. Hali bolalar shuning ustida janjallashgan, hali ota-ona telefon qilib bolasi kattaroq sovg‘a berib, arzimas sovg‘a olganidan norozi bo‘lganini aytgan. Xuddi bolalarni tabaqalashtirib qo‘ydi nazarimda.
To‘g‘ri, o‘ziga to‘q oilaning farzandlari nisbatan yaxshiroq sovg‘alar tayyorlashgan ekan, men ham kim qanday sovg‘a tayyorlaganini bilmasdim. Lekin oddiy oilaning bolalarida unaqa sovg‘a berishga imkoniyat yo‘q. Ko‘zlari mung‘ayib g‘alati bo‘lib qolishdi ba’zilari, xuddi kamsitilganday his qilib o‘zlarini. Bu o‘yinga ruxsat so‘rashganda asl mazmunini anglab yetmagan ekanman, bir o‘yin-da deb. Bolalarni yanayam ahil bo‘lishiga hissa qo‘shadi deb o‘ylagandim, lekin teskarisi bo‘ldi. Bunga ruxsat berishdan oldin yaxshi o‘rganib, to‘g‘ri tushuntirish kerak ekan mohiyatini. Maqsad sovg‘a olish emas, ko‘ngil ko‘tarish, yaxshilik qilish degan ma’noda. O‘zi bizning an’analarga kirmas ekan, shuning uchun tushunmasdan bolalarning dili og‘rishiga, ko‘nglida yomon xotira qolishiga sabab bo‘lmaylik deyman. Ayrim ota-onalar “qayerdan o‘ylab topdinglar bu o‘yinni?” deb bizni so‘roq qilishyapti. Vaholanki buni bolalar o‘zlari eshitib taklif kiritishgandi, bizga ham yangilik bo‘lganiga uncha tushunmaganmiz”, deydi u.














