Quyida so‘z boradigan besh sir afsona yoki gumonlarga asoslanmagan. Ularning har biri ishonchli manbalar tasdiqlagan real voqealar bilan bog‘liq bo‘lib, odamzod qancha urinmasin, tarix har doim ham o‘z sirlarini ochavermasligini eslatadi.

Kleopatra va Makedoniyalik Aleksandrning qabrlari

Ko‘p asrlik qidiruvlarga qaramay, antik davrning eng mashhur ikki hukmdori — Misr qirolichasi Kleopatra VII va Makedoniyalik Aleksandrning dafn qilingan joyi hanuz noma’lum. Qadimgi manbalar Kleopatra Mark Antoniy bilan birga Iskandariya yaqinidagi qirollik maqbarasida ko‘milganini aytadi. Biroq zilzilalar, yerning cho‘kishi va O‘rta Yer dengizida suv sathining ko‘tarilishi qadimgi shahar qiyofasini keskin o‘zgartirib yuborgan.

Miloddan avvalgi 323 yilda vafot etgan Makedoniyalik Aleksandrning jasadi zamondoshlar guvohligiga ko‘ra Misrga olib ketilgan va Iskandariyada dafn etilgan, go‘yoki uning qabrini Rim imperatorlari ham ziyorat qilgan. Kechki antik davr oxiriga borib, bu qabr haqidagi eslatmalar butunlay yo‘qoladi.

Iskandariya va uning atrofidagi joylarda — masalan, Taposiris-Magna hududida olib borilgan arxeologik ishlar umidli, ammo yakuniy bo‘lmagan topilmalar bergan. Shahar qurilishi, talon-torojliklar va muhit o‘zgarishlari, ehtimol, maqbaralarni yo‘q qilgan yoki shu qadar chuqur yashirganki, bugun ularning aniq joyini tiklash juda qiyin. Tarixchilar hali ham bu qabrlar saqlanib qolganmi yoki abadiy yo‘qolganmi — ishonch bilan ayta olmaydi.

Roanokning yo‘qolgan koloniyasi — Amerika

Hozirgi Shimoliy Karolina sohillari yaqinidagi Roanok orolida 1587 yilda asos solingan bu koloniya Angliyaning Shimoliy Amerikada doimiy aholi punkti barpo etish yo‘lidagi ilk jiddiy urinishi bo‘lgan. Gubernator Jon Uayt uch yildan keyin Angliyadan oziq-ovqat va zaxiralar bilan qaytganida, koloniya butunlay tashlab ketilgan bo‘lib chiqqan. Hech qanday jasadlar topilmagan, zo‘ravonlik izlari ham yo‘q edi.

Yagona “ilinj” — ustunda o‘yib yozilgan CROATOAN so‘zi bo‘lgan. Bu qo‘shni orol nomi bo‘lib, u yerda mahalliy tub aholi yashagan. Arxeologik dalillar koloniyachilar oziq-ovqat tanqisligi, kasalliklar yoki qo‘shnilar bilan keskin munosabatlar sabab tarqalib ketgani va qisman mahalliy aholi orasida assimilyatsiya bo‘lgani mumkinligini ko‘rsatadi.