Arxeologik tadqiqotlar tarixning hali ochilmagan sirlari juda ko‘p ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. Olimlar tomonidan turli mamlakatlarda amalga oshirilgan qazishmalar va zamonaviy texnologiyalar yordamida qo‘lga kiritilgan yangi dalillar bir qator tarixiy nazariyalarni qayta baholashga olib keldi.

Vikinglar Amerikaga Kolumbdan avval borgan

Uzoq yillar davomida Xristofor Kolumb 1492 yilda Amerikaga yetib borgan birinchi yevropalik deb hisoblanib kelingan. Biroq Kanadaning Nyufaundlend orolida aniqlangan LʼAns-o-Medouz nomli vikinglar manzilgohi bu qarashni o‘zgartirdi.

1960-yillarda norvegiyalik tadqiqotchilar Helge va Anne Stine Ingstad tomonidan o‘tkazilgan qazishmalar ushbu hudud haqiqatan ham skandinav dengizchilari yashagan manzilgoh bo‘lganini isbotladi. Keyinchalik Nature jurnalida e’lon qilingan tadqiqot yog‘och halqalari tahlili orqali vikinglar bu yerda milodiy 1021 yilda bo‘lganini aniqladi. Bu esa Kolumbdan qariyb 470 yil avval yevropaliklar Amerika qit’asiga yetib kelganini tasdiqlaydi.

Piramidalarni qullar emas, kasb egalari qurgan

Misrning buyuk piramidalari haqidagi eng mashhur afsonalardan biri - ularni minglab qullar barpo etgani haqidagi qarash edi.

1990 va 2010 yillarda amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar esa piramidalar yaqinidan qurilishda ishtirok etgan ishchilarning qabrlari va ular yashagan qishloq qoldiqlarini ochdi. Qabrlarda non, dafn buyumlari topilgani ular erkin insonlar bo‘lganini ko‘rsatdi.

Tadqiqotchilarning fikricha, piramidalarni maxsus tayyorlangan ishchilar brigadalari qurgan. Ular navbat bilan mehnat qilgan va davlat tomonidan ta’minlangan.

Nabateylar podsholigi xarobalari / © Wikimedia Commons

Rim qo‘shinlari Arabiston ichkarisiga ham kirgan bo‘lishi mumkin

Uzoq vaqt davomida tarixchilar Rim imperiyasi Arabiston yarimorolining ichki hududlarini bosib olmagan, deb hisoblab kelgan.

Biroq 2023 yilda Oksford universiteti olimlari Google Earth sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali Saudiya Arabistoni va Iordaniya chegarasi yaqinida uchta Rim harbiy lageri qoldiqlarini aniqladi.