«Kun.uz» sayti tahririyatiga o‘quvchidan maktub keldi. «Migratsiya agentligining 1 haftalik spektakli...» sarlavhasi qo‘yilgan ushbu maktub muallifi O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan bog‘liq masalaga yana qaytgan.

Migratsiya agentligi kimdan nimani yashirmoqda?

U saytda migratsiya agentliginining kirdikorlari haqida nashr qilingan maqolalarni e'tirof qilib o‘tgan va bu boradagi o‘z fikrlarini ham bildirgan.

«Men-ku biror joyga ishlashga ketish rejasi yo‘q odamman. Buxoro shahrida ishlab, shu yerda yashayman. Qishloqdan ikki jiyanim qo‘ng‘iroq qilib: «Aka biz Koreyaga ketish uchun registratsiya va imtihondan o‘tishimiz kerak. Bilasiz, qishloqda internet yaxshi ishlamaydi yoki tok o‘chib qolishi mumkin, sizda internet va tok muammo emas», deb menikiga 3-4 kunga kelishdi va shu ish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Kimlardir imtihonga kirdi, yiqildi. Kimlar uchundir esa sayt sahifalari bandligicha qolib ketdi. Ya'ni, imtihonda qatnashib «ajabtovur savollar»ni ko‘rish hammaga ham nasib qilgani yo‘q. Bu 100 ming kishi ijrosidagi spektakl bo‘ldi, o‘zingizga ma'lum. Agentlik firibgarlarni emas hammani chuv tushirishdi.

Shu o‘rinda meni o‘ylantirgan savollar va mulohazalarni solishtib ko‘raylik.
1. Agentlik xodimlari: «Savollarni Koreya tomoni va mutaxassislar ishlab chiqqan», deya bong urdi. Demak, ular bizning maktab va kollejlar uchun mo‘ljallangan darsliklarni o‘qib, shu materiallarni o‘zbek tilida berishni ma'qul ko‘rishdimikan? Yoki antiqa statistik savollarni qidirib yurishganmikan?! 

2. Saytga xakerlar hujumi?! Balki, bo‘lajak xakerlar ilk darsini shu saytdan boshlashgandir!? Ehtimol, savollar to‘plamiga shayton ham aralashgandir? «To‘g‘risi, bizning texnik mahsulotlar eskirib, yaroqsiz holga kelib bo‘lgan» deb ochiqchasiga tan olishsa yaxshi bo‘lardi, balki. 

3. «Ayrim antiqa savollar fotoshop qilib internetga joylashtirilgan». Kechirasiz-u hurmatli agentlik xodimlari, sizlarning ayrim emas ko‘pgina savollaringiz fotoshop qilinmasa ham kulgi ostida qoldi. Migratsiya saytining har bir xabaridagi imloviy xatolari-chi? Ular ham fotoshopmi?

4. Xo‘sh, xorijga omi odamlarni jo‘natishmas ekan, balki donishmand Nazarovning shaxsan o‘zlari testni qanday ishlash kerakligini master-klass usulida ko‘rsatib berar? Bu kabi chalkashlikning (ko‘zbo‘yamachilik) oldini olish uchun matbuot anjumani kabi «izni yo‘qotish» operatsiyasi amalga oshmay qoldi. Chunki, bu «B» rejaga ham kiritilmagan muammo bo‘lib chiqdi.