Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
GUR Kapustin “o‘ldirilgani”ning inssenirovkasi videosini ko‘rsatdi
Ukraina razvedkasiga ko‘ra, dronlardan olingan va go‘yo Kapustin “o‘ldirilgani” aks etgan videolar pul evaziga RFdan bo‘lgan buyurtmachiga yuborilgan.
Foto: Videodan kadr
Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) juma kuni, 2 yanvarda “Rus ko‘ngillilar korpusi” (RKK) deb ataluvchi harbiy bo‘linma rahbarlaridan biri, o‘ta o‘ng qarashlari bilan tanilgan Denis Kapustinning “o‘ldirilishi” inssenirovka qilingani haqidagi videoni e’lon qildi.
Ukraina razvedkasi da’vo qilishicha, Kapustinning “hayotini saqlab qolish” va “dushman agentura tarmog‘ini fosh etish” maqsadida dronlar orqali videoyozuvlar tayyorlangan. GUR xabarida: “Birinchi uchuvchisiz apparat Kapustin bo‘lgan mikroavtobusga urilgan, ikkinchisi esa ‘zarba oqibatlari’ni — yongan avtomobilni tasvirga olgan”, — deyiladi.
GURning ta’kidlashicha, ushbu videolar “Rossiya maxsus xizmatlaridagi buyurtmachilarga” yuborilgan, shundan keyin ular Kapustinni o‘ldirish uchun mukofot sifatida yarim million dollar pul topshirgan.
27 dekabr kuni RKK Telegram-kanali 41 yoshli Kapustin Ukraina Zaporijjya viloyatida FPV-dron hujumi oqibatida halok bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatgan edi. 1 yanvarda esa GUR “Kapustin o‘ldirilishi” Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan inssenirovka qilinganini, “bir oydan ortiq davom etgan Ukraina Mudofaa vazirligi GURning kompleks maxsus operatsiyasi natijasida” uning hayoti saqlab qolinganini bildirdi.
Ukraina razvedkasi bayonotidan keyin Rossiya IIV Kapustinni yana bir bor qidiruvga e’lon qildi. RKK yozishicha, bu haqdagi belgi RF IIV saytidagi qidiruvlar kartochkasida paydo bo‘lgan.
Kapustin Moskvada tug‘ilgan, bolaligida esa ota-onasi bilan Germaniyaga ko‘chib ketgan, Kyolnda yashagan. U futbol fanatlari muhitida tanilgan, Rossiya, Ukraina va Yevropada aralash yakkakurash (MMA) musobaqalarini tashkil qilgan, shuningdek White Rex sport ekipirovkasi brendini yaratgan. Bu brendda natsistik ramzlarga ishora qiluvchi belgilar “niqoblangan” holda aks etgan kiyimlar ham bo‘lgani aytiladi (masalan, neonatsistik “Qora quyosh” ramzi yoki 14/88 sonlari tushirilgan futbolkalar).
2019 yil may oyida Germaniya hokimiyati Kapustinning Germaniyada doimiy yashash huquqini bekor qilgan — u Kyolndagi manzilidan ro‘yxatdan chiqarilgan, chunki u yerda ancha vaqtdan beri yashamagani aytilgan. Shuningdek, “erkin demokratik tuzum asoslarini buzishga intilish” sababli unga Shengen hududidagi barcha mamlakatlarga kirish taqiqlangan.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlangan paytda Denis Kapustin Ukrainada yashagan va 2022 yilda aynan o‘sha yerda RKKni tuzgan. Uning aytishicha, bo‘linma tarkibiga “etnik ruslar” kirgan. RKK o‘zini Ukraina tomonida jang qilayotgan rus ko‘ngillilarining “harbiy-siyosiy tashkiloti” deb ataydi. U asosiy maqsadlar sifatida Ukrainaning 1991 yilgi chegaralarida hududiy yaxlitligini tiklash va “RFdagi amaldagi rejimni ag‘darish”ni ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
14:49 / 24.01.2026
Rossiyada urush qatnashchilarini dafn etish uchun rekord mablag‘ ajratildi
13:18 / 24.01.2026
Germaniya: Moskva murosaga tayyor bo‘lmasa, natija bo‘lmaydi
13:05 / 24.01.2026
2025 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish 30 foizga oshdi
12:52 / 24.01.2026