Jahon | 17:03 / 05.01.2026
15778
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ali Xominaiyda Moskvaga qochish rejasi bor

Agar mamlakatda namoyishlar kuchayadigan bo‘lsa, Eron oliy rahbari uchun «B reja» ishlab chiqilgan.

Foto: Getty Images

Erondagi namoyishlar kuchaysa va hukumat buni bostira olmasa, mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy uchun zaxira rejasi bor – u Moskvaga qochishi mumkin, deb yozadi Britaniyaning The Times gazetasi o‘z ixtiyoriga kelib tushgan razvedka hisobotiga tayanib.

Hujjatga ko‘ra, evakuatsiya rejasi agar Xominaiy armiya va xavfsizlik kuchlari dezertirlik qilayotgani, namoyishchilar tomonga o‘tayotgani yoki buyruqlarni bajarmayotganini ko‘rsa, 86 yoshli Xominaiy eng yaqin yordamchilari va oila a’zolaridan iborat 20 kishi bilan Tehrondan qochishini nazarda tutadi.

«„B reja“ Xominaiy va uning yaqin kishilari, jumladan, uning o‘g‘li va ehtimoliy vorisi Mujtabo uchun tuzilgan», – degan gazeta manbasi.

Isroil razvedkasi sobiq xodimi, asli eronlik bo‘lgan Beni Sabti Xominaiy bu holatda Moskvaga qochishi, chunki «uning uchun boshqa joy yo‘qligi»ni aytgan. Bundan tashqari, Sabtining so‘zlariga ko‘ra, oyatulloh «Putinni yoqtiradi, Eron madaniyati esa ko‘p jihatdan ruslarnikiga o‘xshash».

Ushbu reja «xavfsiz ketishni ta’minlash uchun xorijdagi aktivlar, ko‘chmas mulk va naqd pul yig‘ish»ni ham o‘z ichiga oladi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Xominaiy o‘tgan yil yozida Isroil bilan bo‘lib o‘tgan «12 kunlik urush»dan keyin «ham aqlan, ham jismonan zaiflashgan». O‘sha kunlarda oyatulloh bunkerda yashiringan va deyarli omma oldida ko‘rinish bermagan, e’tiborli jihati, shu kunlarda mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan keng ko‘lamli namoyishlar paytida ham «omma qarshisiga chiqmayapti».

Britaniya razvedkasi Xominaiyni «paranoik» deb hisoblaydi va aynan shu fe’l-atvori Xominaiyni Moskvaga qochish rejasini tuzishga undagani aytiladi. «Bir tomondan, u juda mafkuraviy motivatsiyaga ega, lekin boshqa tomondan – o‘z qarashlarida pragmatik: u uzoq muddatli maqsad uchun taktik murosani ko‘radi. U kelajakni o‘ylaydi», – deyiladi maxsus xizmatlar bahosida.

  • Eronda dekabr oyi oxirida milliy valuta keskin qadrsizlanishi va yuqori inflatsiya tufayli keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi. Namoyishchilarda oyatullohni ag‘darish hamda islom respublikasi ichki va tashqi siyosatini qayta ko‘rib chiqish haqidagi shiorlar ham yangramoqda. Kuchishlatar tuzilmalar namoyishlarni bostirish uchun o‘qotar qurollar, ko‘zdan yoz oqizuvchi gazlar va suvpurkagichlarni qo‘llashni boshlagan.

Mavzuga oid