“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish vazifasi doirasida qonun ijodkorligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, 386-bandda qonun ijodkorligi jarayonlarini 100 foiz raqamlashtirish hamda mazkur jarayonlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash vazifasi belgilangan. Bunda norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish maqsad qilingan.

387-bandga ko‘ra, qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish natijasida tartibga solish yukini kamida 30 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda. 388-bandda esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, ularning ulushini kamida 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

389-bandda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash ko‘rsatkichini 100 foizga yetkazish belgilangan.