Jahon | 10:31 / 09.01.2026
1918
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Kriviy Rigga raketa zarbasi: kamida 12 kishi yaralandi

Kriviy Rig hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, shahar energiya ta’minotidagi uzilishlar davom etayotgan bir paytda ballistik raketalar va uchuvchisiz qurilmalar (dronlar) bilan zarbaga uchradi. Zarba oqibatida yaralangan 12 kishi orasida bola ham bor.

Foto: AP

Rossiya 8 yanvar, payshanba kuni Kriviy Rigga ommaviy, bir vaqtning o‘zida turli vositalar qo‘llangan holda zarba berdi. Natijada kamida 12 kishi, jumladan bir bola yaralangan. Bu haqda Dnipropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari v.v.b. Vladislav Gayvanenko xabar qildi. Bundan oldin shahar mudofaa kengashi rahbari Aleksandr Vilkul to‘qqiz nafar jabrlanuvchi haqida aytgan edi. Vilkulning so‘zlariga ko‘ra, ulardan biri juda og‘ir ahvolda: portlash oqibatida uning oyog‘i uzilib ketgan.

Vilkul ma’lum qilishicha, RF Qurolli kuchlari shaharga “Iskander” majmuasidan ikki ballistik raketa uchirgan, shundan keyin Kriviy Rig dronlar bilan hujumga uchragan.

Raketa portlashlari oqibatida ko‘p kvartirali turar joy uylari zarar ko‘rgan. Guvohlar tasvirlaridan ko‘rinishicha, kamida bitta binoda yong‘in chiqqan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, zarbadan keyin Kriviy Rigda elektr, isitish va suv ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Hujum paytida shahar kechagi Rossiya o‘qqa tutishlari sabab qisman allaqachon elektrsiz qolgan edi — bu urush davomidagi eng ommaviy zarbalardan biri sifatida qayd etilgan.

Telegram-kanallarda yangi hujum vaqtida shaharda olingan video va suratlar e’lon qilingan. Britaniyaning BBC mediakompaniyasi Ukraina xizmati xabar berishicha, ballistik raketalar zarbasi paytida Kriviy Rig hali ham qisman blekaut holatida bo‘lgan.

Shu kuni Xersonda Rossiyaning o‘qqa tutishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi yaralangan. Ertalab shaharga qilingan boshqa bir o‘qqa tutishda to‘rt kishi yaralangan.

Xerson viloyatidagi Taras Shevchenko qishlog‘i atrofida ham bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan: Rossiya droni fuqarolik avtomobili ustiga portlovchi modda tashlagan.

7 yanvar kechqurun Rossiya o‘qqa tutishi natijasida yuz bergan to‘liq blekautdan so‘ng Dnipropetrovsk va Zaporijjya viloyatlarida hokimiyat elektr ta’minotini qisman tiklashga muvaffaq bo‘lgan. DTEK energiya kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, payshanba kuni tush vaqtiga kelib Dnipropetrovsk viloyatida taxminan 500 ming oila hali ham elektrsiz qolgan.

Mavzuga oid