“Har bir sohada ma’lum bir masalani yechuvchi — xoh bu sud bo‘lsin, xoh bu OAV — yoqmaydigan taraflari bo‘lishi mumkin”, “tuman, viloyat darajasidan ko‘ra Oliy sudda ishlar, adolatliroq, qonuniyroq ko‘riladi”, “qanaqadir darajada ozgina korrupsiyalashgan, sog‘ bo‘lmagan bir muhit bor”, “qachonki hokimiyatning uchga bo‘linish prinsipi to‘g‘ri amalga oshirilsa, sud ham yaxshi ishlab ketishi mumkin”… Kun.uz studiyasida sud tizimidagi vaziyat muhokama qilindi.

Unda jinoyat ishlari bo‘yicha sudya Sarvar Mamadiyev, advokat Jahongir Mutalibov, inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov hamda siyosatshunos Hamid Sodiq ishtirok etdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.

“[Sud] qaroriga ta’sir qilishga harakatlar bo‘ladi” – sudya

Dastlab Mamadiyev sudning mustaqilligini tushuntirarkan, hech bir tashqi yoki ichki ta’sirlarsiz, aynan qonunda belgilangan tartib, asoslar bilan ish ko‘rilishi uni ta’minlashdagi yagona omil ekanini aytdi.

“Bu mustaqillikka ta’sir bo‘lyaptimi, deganda, albatta, har bir sohada ma’lum bir masalani yechuvchi yoki ma’lum bir dolzarb muammoni ko‘taruvchi xoh bu sud bo‘lsin, xoh bu ommaviy axborot vositalari bo‘lsin, xoh bir jamoat tashkilotlari bo‘lsin, qandaydir buning yoqmaydigan taraflari, yoqmaydigan kuchlari bo‘lishi mumkin. [Bunda sud] qaroriga ta’sir qilishga ham harakatlar bo‘ladi”, – deydi u.

Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, hududlar kesimida sud raisi lavozimlari mavjud ekani ham sudyalar va ularning qarorlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan nuqta bo‘lib qolmoqda. Sarvar Mamadiyev bu fikrga qo‘shilmasligini, aynan tashkiliy masalalarda tuman va shahar sud raislari sudyalarga yordam qilishini bildirdi.

“Sud ikkita yo‘nalishda ishlaydi. Birinchidan, tashkiliy masalalari bor, ikkinchidan, protsessual masalalari bor. Protsessual masalalarda sudya mustaqil. Tashkiliy masalalarda ishga kelib-ketish, odob-axloq qoidalariga rioya qilish, sudyalik maqomida o‘zini to‘g‘ri tutishi, bu holatlarda nazorat amalga oshiriladi. Lekin aynan ko‘rilayotgan ish yuzasidan uni nazorat qilishga haqqimiz yo‘q.

Sud nazorati bor tushuncha. Bu qanday yo‘l bilan amalga oshiriladi? Taraflardan kelib tushgan shikoyat yoki protest asosida sud hukmlarni nazorat qiladi. Faqat bu ham protsessual tartibda. Bu shikoyat yoki protest bo‘lmaydigan bo‘lsa, uni o‘zidan o‘zi kelib, mana bu ishing bo‘yicha menga tushuntirish ber, deyishga haqli emas, qonunda taqiqlab qo‘yilgan.