Yakshanba kuni «Barselona» navbatdagi klasikoda «Real»ni yengib, Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritdi. Saudiya Arabistonida o‘tgan finalda «Barselona» ko‘p jihatdan ustunlik qildi, lekin hisobda faqat bir to‘p farqi bilan g‘alaba qozondi.

Finaldan ikki kun o‘tib «Real» oxirgi yillarda Yevropada porlab chiqqan eng yorqin murabbiylardan biri Xabi Alonsoni ishdan bo‘shatdi. Iste’foda asosiy sabab klasikodagi mag‘lubiyat bo‘lmadi, klub Xabini ishdan bo‘shatgani ham yo‘q. Murabbiy maydon tashqarisida va o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida kuzatilgan hurmatsizlik sabab o‘zi ariza yozib ishdan ketdi...

Mbappe yo‘q – shou yo‘q

Shu kuni «Real» yetakchisi Mbappe asosiy tarkibda o‘ynamagani «Barselona»ni kichik favoritga aylantirdi. Birinchi bo‘limning asosiy vaqtini tomosha qilgan muxlislar «Real» Mbappega qanchalik bog‘lanib qolganini sezdi. Madrid butun bo‘lim davomida deyarli hech narsa qila olmadi. Lekin «Real» har qanday holatda kuchli jamoa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda avval Vinisius super gol urdi, bo‘limning oxirgi soniyalarida Mbappe o‘rniga asosiy tarkibda tushayotgan yosh hujumchi Gonsalo Garsiya hisobni tenglashtirdi. Ungacha «Barsa»dan Rafinya va Levandovski gol urgandi.

«Real» eng asosiy yulduzi maydonga tushmagan, o‘yini chiqmayotgan vaqtda ham kerakli gollarni urib, tanaffusga yengilmay chiqib ketdi. Bu top klublarga xos xususiyat. Lekin ikkinchi bo‘limda baribir «Barselona» kuchlilik qildi. Zo‘r o‘yin o‘tkazgan Rafinya g‘alaba golini urdi. Mbappe tushgani ham «Real»ga yordam bermadi. Fransuz shu kuni jarohat bilan o‘ynagani yaqqol sezildi, u aytarli imkoniyatga ham ega bo‘lmadi.

O‘yindan keyin...

«Real» va «Barselona» uchun bir-biriga yengilish juda alamli, har qanday turnirni tark etishdan ham alamliroq. Alonso «Barselona»ga sharmandalarcha yutqazgani yo‘q, muammolar girdobidagi jamoa bilan finalda munosib kurashdi. Chempionatdagi o‘yinda Alonso «Barselona»ni yenggandi ham. Bir so‘z bilan aytganda, klasikoda Alonsoni iste’foga chiqaradigan o‘yin bo‘lmadi.

Shunday bo‘lsa-da, ikki kun o‘tib Alonso iste’foga chiqqani e’lon qilindi. Hatto Fabrisio Romano kabi insayderlar ham bilmay qoldi Alonso ishdan ketishi, iste’fo haqida hech qanday mish-mish ham chiqqani yo‘q. Bu bir narsadan darak berardi: Alonso o‘zi ariza yozib ishdan ketgan. «Real» rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ham murabbiy o‘z ixtiyori bilan ishdan ketganiga urg‘u berilgandi. Keyinroq klub direktori Emilio Butragenio rahbariyat Alonsoni ishdan bo‘shatmagani, murabbiy o‘zi ariza yozganini tasdiqladi.