O‘zbekiston | 14:39 / 17.01.2026
1569
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 24/7 ishlaydigan «yashil» energiya loyihasi ishlab chiqiladi

Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan Abu Dhabi Sustainability Week 2026 forumi doirasida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Masdar va Emirates Utilities Development Company (EUDC) o‘rtasida mamlakatda 24/7 rejimida uzluksiz ishlaydigan, 1 gigavattgacha bazaviy yuklama quvvatiga ega qayta tiklanuvchi energiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Joriy yilning 11–15 yanvar kunlari BAAning Abu-Dabi shahrida Abu Dhabi Sustainability Week 2026 xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Haftalik barqaror rivojlanish, qayta tiklanuvchi energiya, iqlim moliyasi va “yashil” iqtisodiyot masalalariga bag‘ishlanib, unda 150 dan ortiq davlatlardan davlat organlari, yirik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekiston Energetika vazirligi, Masdar hamda Emirates Utilities Development Company (EUDC) kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistonda 24/7 rejimida uzluksiz ravishda 1 GVtgacha bazaviy yuklama quvvatini ta’minlaydigan loyihani ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik hujjati imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy, shuningdek Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramahiy ishtirok etdi. Hujjatlar “O‘zenergosotish” AJ, Masdar va Etihad Water & Electricity (EUDC’ning bosh kompaniyasi) tomonidan imzolangani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha sutka davomida uzluksiz ishlaydigan quvvatlarni yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutadi. Bunday yechimlar qayta tiklanuvchi energetikada bazaviy quvvat masalasini hal etish, energiya ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish hamda ishonchli “yashil” energiyaga o‘sib borayotgan talabni qondirishga xizmat qilishi mumkin.

Shuningdek, tashabbus raqobatbardosh tariflar asosida katta masshtabli bazaviy quvvat ishlab chiqarish imkonini yaratishi, kelgusida esa xalqaro miqyosda keng tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan namuna loyiha sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid