Markaziy bank doimiy ravishda o‘lchovli oltin quymalarining narxlarini yangilab boradi. 23 yanvarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 5 grammli oltin quymasining narxi 9 mln 793 ming so‘mni tashkil qildi. Quymalar narxi 1 gramm uchun 1 mln 958 ming so‘mga baholanyapti.

Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilning mos davriga nisbatan oltin quymalar qariyb 65,5 foizga qimmatlagan. O‘tgan yilning 23 yanvarida 5 mln 916 ming so‘m bo‘lgan 5 grammli quymaning qiymati ayni paytda 9 mln 793 ming so‘mga yetdi. Yil boshidan beri esa narxlarning o‘sishi 13,1 foizni tashkil etyapti.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.
Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.
100 grammli oltin quymalar O‘zbekistonda 2025 yil 17 yanvardan boshlab sotuvga chiqarilgan.
Oltin nega qimmatlashyapti?
Odatda oltin narxining o‘sishi iqtisodiy yoki siyosiy bosimlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, 2008 yilgi global moliyaviy inqirozdan keyin qimmatbaho metall 1000 dollarga, pandemiya davrida 2000 dollarga, joriy yilning martida Tramp ma’muriyatining radikal boj siyosati fonida 3000 dollarga chiqqandi. Jahon savdosida noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab oktyabr oyida narxlar 4000 dollardan oshdi. Dekabr oyiga kelib esa qimmatbaho metall bahosi 4500 dollardan ham ko‘tarildi.

Ayni paytda qimmatbaho metall bahosi unsiyada allaqachon 4 950 dollardan oshib, yangi psixologik nuqta — 5 000 dollarga yaqinlashyapti. Narxlarni rag‘batlantirayotgan asosiy omillar sifatida geosiyosiy keskinlikning saqlanib qolayotgani, AQSh dollarining zaiflashuvi va Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar keltirilyapti.















