Jahon | 14:08
853
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya josuslik ishi bo‘yicha Rossiya harbiy attashesi o‘rinbosarini chiqarib yubormoqda

Germaniya hukumati Berlinda Moskva foydasiga josuslikda gumonlanayotgan ayol ushlanganidan keyin Rossiya elchixonasidagi harbiy attashe o‘rinbosarini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi payshanba kuni, 22 yanvarda Rossiya elchisini chaqirib, diplomatning chiqarib yuborilishi haqida rasman xabardor qildi.

Foto: AP

Germaniya TIVning siyosiy direktori bilan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Rossiya tomoniga elchixonada akkreditatsiyadan o‘tgan harbiy attashe o‘rinbosari 72 soat ichida Germaniyani tark etishi kerakligi aytilgan. “Federal hukumat Germaniyada josuslikka — ayniqsa diplomatik maqom niqobi ostidagi josuslikka toqat qilmaydi”, — deyiladi Germaniya TIV bayonotida.

Rossiya elchixonasi harbiy attashesi o‘rinbosarini chiqarib yuborish qarori Germaniya federal prokuraturasi shu kuni 56 yoshli asli kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan Germaniya fuqarosi Ilona V.ni hibsga olganidan keyin qabul qilingan. Germaniyada u Wiener&Partner konsalting firmasiga rahbarlik qilgan va muntazam ravishda taniqli nemis biznesmenlari hamda siyosatchilari bilan uchrashib turgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Germaniyada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq harbiy ma’lumotlarni maqsadli ravishda yig‘gan va Rossiya elchixonasidagi aloqa shaxsiga uzatgan. Xususan, u 2023 yili Berlindagi Adlon mehmonxonasida o‘tgan NATO konferensiyasi ishtirokchilari haqida ma’lumot to‘plagan.

Der Spiegel nemis haftaligi yozishicha, bu aloqa shaxsi elchixonada “harbiy vitse-attashe” sifatida akkreditatsiya qilingan Andrey M. bo‘lgan. Tergovchilarning fikricha, u Rossiya maxsus xizmatlari manfaatida ishlab, Ilona V. uchun kurator vazifasini bajargan. The Insider nashri esa Andrey M. avval Pskovdagi 76-desant diviziyasida, keyin esa RF QQ Bosh shtabi Bosh boshqarmasining (2010 yilgacha — GRU) 162-harbiy-texnikaviy axborot markazida xizmat qilganini, GRU polkovnigi unvoniga ega bo‘lganini yozadi va bu Germaniya uchun “deyarli sir bo‘lmaganini” qayd etadi.

Federal prokuratura Ilona V.ni xorijiy razvedka manfaatida agentlik faoliyatida ayblamoqda. Tergovga ko‘ra, u Rossiya elchixonasi bilan aloqani 2023 yildan beri saqlab kelgan. Shu davrda u bir necha bor harbiy mazmundagi ma’lumotlarni — jumladan Germaniya mudofaa sanoati korxonalarining joylashuvi, dronlar sinovlari va Ukrainaga dron yetkazib berish rejalari haqidagi ma’lumotlarni yetkazgan, deb da’vo qilinmoqda. Payshanba kuni, 22 yanvarda gumon qilingan josus ayol tergov davrida hibsga joylashtirilgan.

Mavzuga oid